Obid Hakimov Saida Mirziyoyevaga o‘rinbosar bo‘ldi
Jamiyat
−
21:42 963 1 daqiqa
Bugun, 3 oktyabr kuni Obid Arziqulovich Hakimov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining ta’limni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari hamda o‘rindoshlik asosida “Yangi O‘zbekiston” universiteti rektori lavozimiga tayinlandi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tegishli farmonni imzoladi.
U yangi lavozimga tayinlangani munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining iqtisodiy siyosat bo‘yicha maslahatchisi lavozimidan ozod etilgan.
Ma’lumot uchun, Hakimov 1977 yilda Termiz shahrida tug‘ilgan. 1998 yilda Toshkent moliya institutini, 2000 yilda Vanderbilt universiteti (AQSH) va 2006 yilda Midl Tennessi davlat universitetini (AQSH) tamomlagan.
O‘z vaqtida u Toshkentdagi Vestminster xalqaro universitetida iqtisodiyot masalalari bo‘yicha prorektor va Davlat boshqaruvi akademiyasida prorektor bo‘lib ishlagan. 2017-2018 yillarda Prezident devonining Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati sektor mudiri bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoni va qarori bilan Ilhom Tohirovich Sirojev O‘zbekiston Respublikasi ta’lim va ilm-fan vazirining komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlangandi va shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining ta’limni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimidan ozod etilgan edi.