Nurafshonda ikkita korxona soxta hujjat bilan 13,9 mlrd so‘mni “yeb yubordi”

3-sahifa

−

image

Toshkent viloyatining Nurafshon shahrida qurilayotgan oqova suvni tozalash inshootida 13,9 mlrd so‘mlik byudjet mablag‘lari talon-toroj qilingani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Qayd etilishicha, departamentning Zangiota tumani bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan. Unda “Suv ta’minot va oqova suv ob’ektlari qurilishi bo‘yicha injiniring kompaniyasi” DUK Toshkent hududiy boshqarmasi va Toshkent viloyati “Suvoqova” DUK o‘rtasidagi shartnomaga ko‘ra Nurafshon shahrida qurilayotgan oqova suv tozalash inshootiga oid hujjatlarda soxtalashtirish holati aniqlangan.

Ular amalda bajarilgan 73,3 mlrd so‘mlik qurilish ishlarini 87,2 mlrd so‘mga bajarilganligi haqida soxta ma’lumotlar tuzib, 13,9 mlrd so‘mlik byudjet mablag‘larini o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilganliklari ma’lum bo‘lgan.

Bildirilishicha, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Chirchiq shahrida tijorat banki filiali bo‘limi boshlig‘i 13 nafar fuqaroning omonat uchun topshirgan 1,3 mlrd so‘mini bank kassasiga kirim qilmasdan, o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgani aniqlangan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing