Novosibirskda migratsiya nazorati kuchaytirilmoqda
Olam
−
20 Oktabr 2931 2 daqiqa
Joriy yilda Rossiyaning Novosibirsk viloyatiga ish izlab borgan mehnat migrantlari soni 113 ming nafarni tashkil etdi. Bu haqda mazkur hudud bo‘yicha Migratsiya masalalari boshqarmasi ma’lumot berdi.
Manbaning qayd etishicha, Novosibirskka borganlar orasida o‘zbekistonliklar soni eng yuqori. Ikkinchi o‘rinni tojikistonlik fuqarolar egallasa, uchinchi pog‘onada qirg‘izistonlik va qozog‘istonliklar turibdi. Faqat ishlash maqsadida tashrif buyuruvchi migrantlar uchun patent narxi 2026 yilda 37 foizga oshirilishi belgilangan. Ya’ni patentning yangi qiymati 10 ming 860 rublni tashkil etadi.
Novosibirsk viloyati mehnat va ijtimoiy rivojlanish vaziri Yelena Baxarevaga ko‘ra, mazkur o‘zgarish orqali viloyat byudjeti taxminan 2,5 milliard rublga to‘ldirilishi kutilmoqda.
Shuningdek, birinchi vitse-gubernator Vladimir Znatkov patent asosida ishlovchi chet elliklarni ishga qabul qilishga qo‘yilgan taqiqlar doirasini kengaytirish to‘g‘risidagi qarorni imzolagan. Bungacha ularga alkogol va tamaki mahsulotlari chakana savdosi, taksi xizmatlari hamda maktabgacha ta’lim sohasida faoliyat yuritishga cheklovlar mavjud edi.
Endilikda ushbu ro‘yxatga yangi taqiqlar qo‘shilgan: avtomobil orqali yuk tashish, ofis, shifoxona va ta’lim muassasalaridagi ijtimoiy oshxonalar hamda bufetlar faoliyati, shuningdek, sport sohasida ishlash. Viloyat hokimiyatiga ko‘ra, bu sohalarda ishga qabul qilishda Rossiya fuqarolariga ustuvorlik beriladi.
Migratsiya qonunchiligiga rioya etilishini tekshirish ishlari hududda izchil davom etmoqda. Joriy yilning 10 sentyabr kuni migrantlarni legallashtirish uchun Prezident farmoni bilan belgilangan muddat yakunlangan. Shu munosabat bilan Rossiyada ruxsatnomasiz bo‘lib turgan chet el fuqarolari o‘z huquqiy maqomini rasmiylashtirishi yoki mamlakatni tark etishi lozim.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, faqatgina Novosibirsk viloyatining o‘zida 2 ming 800 dan ortiq migrant o‘z huquqiy maqomini tartibga keltirgan. Biroq huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilayotgan tekshiruvlar hanuzgacha bir qator qonunbuzarliklarni aniqlamoqda. Xususan, yetti oy davomida tekshirilgan mehnat muhojirlari yashaydigan va ishlaydigan qariyb 5 mingta ob’ektning har birida o‘nlab, hatto yuzlab noqonuniy migrantlar aniqlangan. Bu kabi shaxslar belgilangan tartibda Rossiya hududidan chiqarib yuborilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyadan necha migrant deportatsiya qilinishi kerakligi aytilgandi. Xususan, Rossiya Ichki ishlar vazirligining nazorat ostidagi shaxslar reyestriga 770 ming migrant kiritilgan bo‘lib, ularning uchdan bir qismi ayollar va bolalardan iborat.
Mohichehra Qadamova
Live
Barchasi