Norvegiya JCH qur’asini tanqid qildi
Sport
−
06 dekabr 7658 2 daqiqa
Kecha, 5 dekabr kuni futbol bo‘yicha Jahon chempionatining guruh bosqichiga qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Marosimdan so‘ng Norvegiya futbol assotsiatsiyasi prezidenti Lise Klaveness qur’a borishini keskin tanqid qildi.
“Bugun bo‘lgan narsani jiddiy qabul qilolmayman. Biz hushyor bo‘lishimiz, vaziyatni nazoratda ushlashimiz va FIFA bunday shoular emas, avvalo futbolni birinchi o‘ringa qo‘yishi kerakligini ta’kidlashimiz lozim”, dedi u.
Marosim boshlanishi bilan mehmon bo‘lmagan birinchi jamoalarning qur’a tashlashigacha 87 daqiqalik tanaffus bo‘lgani noroziliklarga sabab bo‘ldi. Shu vaqt ichida Andrea Bochelli, Robbi Uilyams, Nikol Sherzinger va Lorin Xill sahnaga chiqdi, shuningdek, AQSH Prezidenti Donald Trampga FIFA Tinchlik mukofoti taqdim etildi.
“Agar mukofotning aniq mezonlari bo‘lmasa, hakamlar hay’ati yoki boshqaruv bilan bog‘liqligi yo‘qligi sezilsa, bu tashkilotni siyosiylashtirishning nozik usuliga aylanib qoladi. Bu segment haddan tashqari uzun bo‘ldi va marosimda o‘z o‘rnida emas edi”, deydi Lise Klaveness FIFA Tinchlik mukofoti haqida.
Norvegiya terma jamoasi bosh murabbiyi Stole Solbakken ham NRK telekanaliga bergan qisqa intervyusida marosim tashkilotchilaridan mamnun emasligini yashirmadi:
“Bu ko‘p jihatdan g‘alati shou edi. Buni ochiq aytishim kerak”, deydi Stole Solbakken.
Ma’lumot uchun, Norvegiya terma jamoasi qur’ada Fransiya, Senegal va (Iroq, Boliviya, Surinam) qit’alararo pley-off g‘olibi bilan birga “I” guruhidan joy oldi.
Live
Barchasi