Norvegiya Ukraina talabi bilan Rossiya kemasini qo‘lga oldi
Olam
−
18:35 466 2 daqiqa
Norvegiya Ukrainaga qarashli Naftogaz davlat energetika kompaniyasining 4,22 milliard dollarlik kompensatsiya talabini undirish doirasida Rossiyaning “Professor Molchanov“ kemasini qo‘lga oldi. Bu haqda “Reuters“ xabar berdi.
Qayd etilishicha, Rossiya kemasi Norvegiyaning Arktikadagi Svalbard arxipelagidagi Barentsburg portida ushlab qolingan. Nord-Troms va Senya tuman sudi joriy yilning 31 avgust kuni kemani qo‘lga olishga ruxsat bergan. Shuningdek, kema portda alohida ko‘rsatma berilgunga qadar Barentsburgda langar tashlab turishi belgilangan.
Mazkur qaror Naftogazning 2014 yilda Rossiya Qrimni anneksiya qilganidan so‘ng kompaniyaga tegishli aktivlar tortib olingani uchun kompensatsiya undirish harakatlari doirasida qabul qilingan. 2023 yil aprel oyida Gaagadagi arbitraj sudi Rossiyani Naftogazga 4,22 milliard dollar, shuningdek foizlar va yuridik xarajatlarni to‘lashga majbur qilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, “Professor Molchanov“ kemasi ekspeditsiya va ilmiy-tadqiqot safarlarida, shuningdek, tijoriy kruizlarda foydalaniladi. Qo‘lga olingan paytda kemada rossiyalik olimlar bo‘lgan. Ular va ekipaj a’zolari qo‘lga olinmagan.
Naftogaz Rossiya ushbu kompensatsiyani to‘lamagani sababli uning aktivlarini boshqa davlatlarda ham undirishga urinmoqda. Kompaniya AQSH, Fransiya, Buyuk Britaniya va Finlyandiyada Rossiyaga tegishli aktivlarni hibsga olish bo‘yicha choralar ko‘rgan.
Rossiya esa Norvegiyaning kemani hibsga olishini keskin tanqid qilib, bu harakatni “qaroqchilik“ deb atagan va qaror ustidan shikoyat qilmoqda. Norvegiya hukumati esa bu Naftogaz va Rossiya o‘rtasidagi huquqiy nizo ekanini, Oslo hukumati ishga tomon sifatida aralashmaganini bildirgan.
Live
Barchasi