Norvegiya futbolchisi noqonuniy video tarqatgani uchun jazolandi
Sport
−
20 noyabr 2025 1305 2 daqiqa
Avvalroq Norvegiya terma jamoasi hujumchisi Andreas Shelderup noqonuniy videoni tarqatgani uchun sud qilinishi haqida xabar berilgan edi. Endi esa Daniya sudi 21 yoshli futbolchini aybdor deb topdi va ikki haftalik shartli qamoq jazosiga hukm qildi. Bu haqda VG xabar berdi.
Sud materiallariga ko‘ra, Shelderup o‘tgan yili “Norshellann” safida o‘ynagan vaqtida 27 soniyalik videoni qabul qilgan va uni to‘rt do‘sti ishtirokidagi guruh chatiga yuborgan. Kopengagendagi sud majlisida u aybiga iqror bo‘lib, videodagi shaxslar 18 yoshdan kichik ekanini birinchi soniyalardanoq tushunganini tan oldi.
“Videoni do‘stlarimga yuborarkanman, bu noqonuniy ekanini tezda angladim va uni tezda o‘chirib tashladim”, deydi futbolchi sudda.
Sudya Matias Eyk tomonidan tayinlangan hukmga ko‘ra, futbolchi keyingi 12 oy ichida yana jinoyat sodir etmasa, qamoq jazosini o‘tamasligi mumkin. Prokuratura esa kamida 20 kunlik qamoq jazosini so‘ragan edi.
Futbolchining advokati Andrash Nemet ayblov hukmiga apellyatsiya berish-bermaslik masalasida hali qaror qabul qilinmaganini ma’lum qildi.
Ma’lumot uchun, Shelderup Norvegiya terma jamoasining JCH-2026 yo‘llanmasini ta’minlagan Italiyaga qarshi o‘yinda qaydnomada bo‘lgan, biroq uchrashuvda ishtirok etmagan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq biatlon bo‘yicha 10 karra jahon chempioni – fransiyalik sportchi Jyulya Simon firibgarlik va o‘g‘rilik uchun Albervil jinoyat sudi tomonidan uch oylik shartli qamoq jazosi hamda 15 ming yevro jarimaga tortilgandi.
Live
Barchasi