Noqonuniy ov qilgan shaxsga “tomoshabin” bo‘lgan mas’ullar ishdan olindi
3-sahifa
−
10 yanvar 2023 8428 2 daqiqa
Avvalroq Xorazm viloyati Ekologiya boshqarmasi xodimlari o‘rdak ovlagani haqida xabar berilgandi. Holat yuzasidan Davlat ekologiya qo‘mitasi ma’lumot berdi.
Xizmat tekshiruvi davomida bu ov 2019 yilning yanvar oyida bo‘lgani aniqlangan. Ekologiya boshqarmasi Yangibozor tuman inspeksiyasi xodimi Izzat Qo‘chqorov o‘ziga tegishli bo‘lgan quroli va ov qilish guvohnomasi bilan ovga chiqqan, biroq u tegishli tartibda ov qilish yo‘llanmasini olmasdan, ikki bosh yovvoyi churrakni ovlagan.
O‘rganishlar jarayonida shu kuni Izzat Qo‘chqorovning hamkasblari Jamoliddin Sobirov va Navro‘z Olloberganov tumanda reyd tadbirini amalga oshirayotgan vaqtda uni uchratib qolgani va birgalikda suratga tushgani ma’lum bo‘lgan. Ammo inspektorlar tomonidan ushbu qonun buzilishi holati yuzasidan tegishli tartibda hech qanday chora ko‘rilmagan.
Qayd etilishicha, ayni paytda Izzat Qo‘chqorov ekologiya tizimida ishlamaydi. U bilan tuzilgan mehnat shartnomasi o‘zining xohishiga ko‘ra, 2022 yil 1 noyabrdan bekor qilingan.
Ushbu holat yuzasidan Izzat Qo‘chqorovga nisbatan to‘plangan hujjatlar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 36 va 38-moddalariga asosan ko‘rib chiqish uchun tegishli tartibda rasmiylashtirilib, sud organlariga taqdim etildi.
Jamoliddin Sobirov va Navro‘z Olloberganov o‘z faoliyatini sohaga oid qonun hujjatlari, nizom va lavozim yo‘riqnomasida belgilangan vakolatlari doirasida amalga oshirmagani qonuniy tartibda ko‘rib chiqilib, ularni lavozimidan ozod etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Live
Barchasi