Netanyaxu Tramp bilan shoshilinch uchrashmoqchi – OAV

Olam

image
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuv tashkil etishga shoshilinch urinishlar qilmoqda. Maqsad – Eron bilan tayyorlanayotgan urushni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv atrofidagi kelishmovchiliklarni bartaraf etish. Bu haqda “The Wall Street Journal” xabar berdi.
 
Kelishuv shu hafta imzolanishi kutilmoqda. Bu esa Isroil rahbariyatida xavotir uyg‘otgan – rasmiylar Tehronga bosimning yumshashi va “Hizbulloh” bilan urush fonida Vashington bilan aloqalar uzilishi xavfi jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligini ta’kidlamoqda.

Keskinlik Isroilning Bayrutga javob zarbasidan so‘ng yanada kuchaydi. Tramp esa Isroilning harakatlarini tanqid qilib, AQSH va Eron o‘rtasida erishilgan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga zid bo‘lgan Livanga zarbalarni to‘xtatishni talab qilgan.

Kecha, 15 iyun kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Netanyaxu omma oldida kelishuvni ochiq tanqid qilmagan va Erondagi harbiy maqsadlar amalga oshirilganini bildirgan.

“Lekin odamlar biz nimaga erishdik, deb so‘raydi. Javob shuki, biz yo‘q qilinishi mumkin bo‘lgan bevosita tahdidni orqaga surdik”, degan Isroil vaziri.

Biroq WSJ ma’lumotiga ko‘ra, Isroil rasmiylari ichki muhokamalarda Tramp Tehronga moliyaviy yengillik beradigan va boyitilgan uranni topshirishni talab qilmaydigan kelishuvga rozi bo‘lganidan xavotir bildirmoqda.

Netanyaxu ichki siyosiy bosimlar sabab mamlakat ichida ham tobora ko‘proq tanqidga uchramoqda. Isroilning AQSHdagi sobiq elchisi Maykl Oren WSJ’ga bergan izohida, agar Eron sanksiyalardan yengillik olsa, u o‘z harbiy salohiyatini qayta tiklashini va bu AQSH obro‘siga “ulkan, hatto ortga qaytarib bo‘lmaydigan zarba” bo‘lishini aytgan.

Isroilning milliy xavfsizlik bo‘yicha sobiq o‘rinbosar maslahatchisi Chak Freylix esa Netanyaxu Tramp bilan ichki siyosiy bosim sabab to‘qnash kelayotganini bildirgan.

“U siyosiy o‘yin o‘ynayapti. Bibi faqat Bibini o‘ylaydi. Tramp bilan ziddiyatga kirishish Isroil uchun eng oxirgi qilinadigan ish bo‘lishi kerak”, degan sobiq xodim.

Eron va AQSH o‘rtasidagi o‘zaro tushunish memorandum loyihasida barcha frontlarda, jumladan Livanda ham urushni to‘liq to‘xtatish sharti mavjud bo‘lgan. Tehron esa Isroil tomonidan yangi hujumlar bo‘lsa, “yanada kuchli va afsuslantiruvchi zarbalar” berilishini ogohlantirgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing