Netanyaxu Sinvar o‘ldirilganini e’lon qildi

Olam

image
Isroil HAMAS yetakchisi Muhammad Sinvarni ham o‘ldirdi – OAV north_east

Isroil HAMAS yetakchisi Muhammad Sinvarni ham o‘ldirdi – OAV

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu kecha, 28 may kuni mamlakat parlamentida so‘zlagan nutqida HAMAS harakatining G‘azo sektoridagi yetakchisi Muhammad Sinvar o‘ldirilganini ma’lum qildi. Bu haqda Isroilning “12- kanal”i xabar berdi.

Netanyaxuning so‘zlariga ko‘ra, Isroil 13 may kuni Xon-Yunusdagi tunnelga havo hujumi uyushtirgan va oqibatda HAMAS yetakchisi Sinvar halok bo‘lgan.

“Ko‘pchilik 7 oktyabrdagi voqealardan keyin biz o‘zimizga kelolmaymiz deb qo‘rqdi. Ammo oradan atigi ikki kun o‘tgach, men Yaqin Sharq o‘zgarishini aytdim. Biz hujumlarni qaytardik, HAMASning harbiy qanoti qo‘mondoni Muhammad ad-Dayfni, siyosiy byuro rahbari Ismoil Honiyani, Yahyo Sinvarni va Muhammad Sinvarni yo‘q qildik. HAMASga qurol yetkazish yo‘llarini to‘sib qo‘ydik”, degan Isroil Bosh vaziri.

Nashrning yozishicha, hujum chog‘ida Muhammad Sinvar HAMAS harbiy qanotining “Rafah” brigadasi qo‘mondoni Muhammad Shabana va boshqa yuqori martabali komandirlar bilan uchrashuv o‘tkazayotgan bo‘lgan, u paytda ularning yonida garovga olinganlar bo‘lmagan.

Havo hujumi Yevropa shifoxonasi hududiga to‘g‘ri kelgan. G‘azo sektorining fuqarolik mudofaasi agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, bu hujumdan so‘ng kamida 28 kishi halok bo‘lgan.

Ma’lumot uchun, Muhammad Sinvar – HAMAS siyosiy byurosining sobiq rahbari Yahyo Sinvarning ukasi edi. Yahyo Sinvar 2024 yil oktyabr oyida G‘azoda o‘ldirilgan. U avvalroq, 2024 yil avgustda HAMAS siyosiy byurosi rahbari etib tayinlangan edi. Undan oldingi rahbar – Ismoil Honiya esa Tehronda o‘ldirilgan.

Muhammad Sinvar ham akasi singari HAMAS saflariga yoshligida qo‘shilgan va Isroil maxsus xizmatlari tomonidan bir necha marotaba nishonga olingan, ammo avvalgi urinishlar samarasiz bo‘lgan edi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning yanvar oyida Falastinning HAMAS harakatining harbiy qanoti – Izz ad-Din al-Kassam brigadasi rahbari Muhammad Sinvar HAMASning G‘azo sektoridagi yangi yetakchisiga aylangan edi. U akasi vafot etgandan keyin rasman rahbarlik qila boshlagan.


Maqola muallifi

Teglar

HAMAS Bin'yamin Netan'yaxu Muhammad Sinvar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing