Neft inqirozi: Senegalda vazirlarga chet elga chiqish taqiqlandi

Olam

image

Senegal hukumati vazirlariga Erondagi mojaro tufayli neft narxi ko‘tarilishi oqibatida barcha muhim bo‘lmagan xorijiy safarlar taqiqlandi. Bu haqda kecha, 3 aprel kuni yoshlar mitingida so‘zga chiqqan mamlakat Bosh vaziri Usmon Sonko e’lon qildi.

Usmon Sonkoning aytishicha, hozirda bir barrel neft narxi byudjetda ko‘zda tutilgan miqdordan qariyb ikki baravar yuqoriga yaqinlashmoqda. Ushbu cheklovlar doirasida Sonko o‘zining Niger, Ispaniya va Fransiyaga bo‘lgan safarlarini qoldirgan. Uning aytishicha, kelasi haftada Konchilik vaziri davlat xarajatlarini jilovlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarni e’lon qiladi.

Senegalning bu qadami qit’adagi davlatlarning neft narxi oshishiga ko‘rsatgan navbatdagi reaksiyasi bo‘ldi. Bungacha boshqa davlatlar yoqilg‘i soliqlarini kamaytirish va elektr energiyasini me’yorlash (ratsion) choralarini ko‘rayotgan edi.

Bosh vazir yoshlar oldidagi nutqida ularni “qo‘rqitish” niyati yo‘qligini, balki ularga “murakkab dunyo” haqida tasavvur berishni istashini aytgan. Shuningdek, u vaziyat og‘ir bo‘lsa-da, senegalliklar bardoshli ekanini qo‘shimcha qilgan.

Yangi rivojlanayotgan neft va gaz sanoatiga qaramay, Senegal asosan yoqilg‘i importiga tayanadi. O‘tgan yili Xalqaro valyuta jamg‘armasi mamlakat iqtisodiyotini qariyb 8 foizlik o‘sish sur’ati va past inflyatsiya bilan “barqaror” deb ta’riflagan. Biroq mamlakatning davlat qarzi yalpi ichki mahsulotning 130 foizidan ortiq bo‘lib, juda yuqoridir. Ikki yil avval Bosh vazir etib tayinlangan Sonko bu qarzlar uchun avvalgi hukumatni ayblagan.

Afrikaning boshqa hududlarida ham vaziyat jiddiy: Janubiy Afrika hukumati yoqilg‘i narxini jilovlash uchun benzin solig‘ini kamaytirdi. Efiopiyada yoqilg‘i taqchilligi sababli ayrim davlat muassasalari xodimlarini ta’tilga chiqarishga majbur bo‘ldi. Janubiy Sudan poytaxti Jubada elektr energiyasi me’yor bilan berila boshladi, Zimbabve esa benzin tarkibidagi etanol miqdorini oshirmoqda.

AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushi oqibatida Fors ko‘rfazidagi Hormuz bo‘g‘ozining amalda yopilishi dunyoga o‘g‘it yetkazib berishni ham cheklab qo‘ydi. Qishloq xo‘jaligi uchun zarur bo‘lgan ushbu mahsulotning taxminan 30 foizi aynan shu bo‘g‘oz orqali o‘tadi.

Xalqaro qutqaruv qo‘mitasi (IRC) insonparvarlik tashkiloti bu holatni “oziq-ovqat xavfsizligi bombasi” deb atab, ayniqsa Yaqin Sharqdan o‘g‘it importiga bog‘lanib qolgan Sharqiy Afrika uchun jiddiy xavf tug‘dirishidan ogohlantirdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq zarur bo‘lgan asosiy tovarlar va insonparvarlik yordamini tashuvchi kemalarning Hormuz bo‘g‘ozi orqali o‘tishiga ruxsat berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Senegal Neft' inqirozi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing