Navoiylik deputat Dilnavoz Nosirova Turkiyada vafot etgani ma’lum bo‘ldi
Jamiyat
−
14 mart 2023 30450 1 daqiqa
Avvalroq, Navoiy viloyat Xalq deputatlari kengashi deputati Dilnavoz Nosirova joriy yilning 12 mart kuni 34 yoshida vafot etgani haqida xabar bergan edik. QALAMPIR.UZ’ga oid ma’lumotlarga ko‘ra, Nosirovaning vafotiga uzoq davom etgan kasallik sabab bo‘lgan va u Turkiyada vafot etgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Nosirova 2022 yil uchinchi farzandini dunyoga keltirganidan biroz vaqt o‘tib, uning salomatligida o‘zgarishlar kuzatilgan. Shifokorlar unda oqqon kasalligi davom etayotganini aniqlagan.
Deputat davolanish maqsadida joriy yilning 4 fevral kuni Turkiyaga yo‘l olgan. Olib borilgan muolajalarga qaramay, u 12 mart kuni Turkiyada vafot etgan va jasadi O‘zbekistonga olib kelingan.
Dilnavoz Nosirova 1989 yil Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanida tavallud topgan edi. 2010 yilda Navoiy davlat pedagogika institutini tamomlagan.
U O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Navoiy viloyat Kengashi Ijroiya qo‘mitasi devoni deputatlar, deputatlik birlashmalari va boshlang‘ich partiya tashkilotlari bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan.
U Zarafshon shahar Axborot-resurs markazi, Ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi hamda O‘zbekiston "Milliy tiklanish" DP shahar Kengashi raisi vazifalarida faoliyat yuritgan.
2015-2020-yillarda xalq deputatlari Zarafshon shahar Kengashi deputati etib saylangan.
QALAMPIR.UZ marhumaning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildiradi.