NATO Ukraina uchun ko‘p yillik harbiy yordam dasturini qabul qiladi

Olam

image

Joriy yilning iyul oyida bo‘lib o‘tadigan Vilnyus sammitida NATO yetakchilari Ukrainani G‘arb yo‘nalishi bo‘yicha to‘liq qayta qurollantirish uchun unga ko‘p yillik harbiy yordam dasturini qabul qiladi. Bu haqda bugun, 18 may kuni NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg Lissabondagi matbuot anjumanida ma’lum qildi.

“Vilnyusdagi sammitda alyans davlatlari Ukrainaga uning sovet tipidagi doktrina va qurollardan G‘arb doktrinalariga to‘liq o‘tishini ta’minlashga qaratilgan ko‘p yillik harbiy yordam dasturini qabul qiladi”, degan Stoltenberg.

Shuningdek, NATO Bosh kotibi Vilnyusdagi sammitning ikkinchi muhim qarori Yevropani harbiylashtirish bo‘yicha keyingi chora-tadbirlarni tasdiqlash bo‘lishini ta’kidlagan. Xususan, u NATO davlatlari mudofaa xarajatlarini oshirishni davom ettirish majburiyatini olishi va qonuniy ravishda YAIMning 2 foizini harbiy xarajatlari uchun maqsadli emas, balki minimal darajaga aylantirishi kerakligini qayd etgan. 

Ta’kidlash joizki, NATO davlatlari va ularning hamkorlari uchun asosiy qurol yetkazib beruvchi AQSH harbiy-sanoat majmuasi hisoblanadi. Ayni paytda Yevropa Ittifoqi Yevropa sanoatini harbiylashtirib, o‘q-dorilar ishlab chiqarishni ko‘paytirishga e’tibor qaratmoqda. Yevrokomissiya ham snaryadlar va raketalar ishlab chiqarishni rag‘batlantirish uchun YeI byudjetidan 500 million yevro va Yevropa tinchlik jamg‘armasidan 1 milliard yevrogacha mablag‘ ajratishga qaror qilgan.

Yevropaning ichki bozor bo‘yicha komissari Terri Breton Yevropadagi harbiy zavodlarning kengayishini nazorat qiladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, YeI davlatlarining bevosita maqsadi snaryadlar ishlab chiqarishni yiliga 1 millionga yetkazishdir. Shuningdek, u o‘zining barcha chiqishlarida Yevropa Komissiyasi Yevropa biznesiga raketa va snaryadlarga bo‘lgan talab yaqin kelajakda pasaymasligiga kafolat berishini ta’kidlaydi.


Maqola muallifi

Teglar

NATO Ukraina harbiy yordam

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing