Namangandan qadimiy Axsikentga tegishli qilichlar va tangalar topildi
Bu qiziq
−
03 fevral 2023
7181Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumani hududida bo‘lgan qadimiy Axsikent shahri xarobalaridan Qoraxoniylar davriga oid devoriy suratlar, Damashq qilichlari hamda noyob tangalar topildi. Bu haqda Namangan viloyat hokimligi axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Axsikentda tayyorlangan Damashq qilichlari, Shaxristonning oltin darvozasi, noyob tangalar va Axsikent yodgorligidan topilgan. Hozirda arxeologlar To‘raqo‘rg‘on tumanida joylashgan Axsikent yodgorligida tadqiqot ishlarini olib bormoqda. Restavratorlar tomonidan devoriy suratlar va ganchkorlik buyumlari ta’mirlanib, muzeyga qo‘yildi.
“Ming yil avvalgi mashhur qilichlar topilgani va ularning Vatani aynan Axsikent ekani bizni hayratlantirmay qo‘ymaydi. Xitoy manbalarida Axsikent shahristoni darvozalari oltindan bunyod etilgani haqida yozilgan. Mahalliy aholi o‘rtasida ushbu darvoza Sirdaryo tubida qolib ketgani haqida rivoyatlar yuradi. Ular albatta tarixiy haqiqatlarga asoslangan”, deya fikr bildirdi xorijiy ekspertlar.
Ma’lumot uchun, Axsikent shahri miloddan avvalgi III-II asrlarda vujudga kelgan bo‘lib, milodiy IX-X asrlarda Farg‘ona vodiysining poytaxti bo‘lgan. Shahar 1621 yilgi zilzilada butunlay vayron bo‘lgan hamda keyinchalik qaytib tiklangan.
Nurmuhammad Fayzullayev
LiveBarchasi