Nyu-York meri O‘zbekistonga keldi
Olam
−
19 noyabr 23328 2 daqiqa
Bugun, 19 noyabr kuni O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasida AQSHning Nyu-York shahri meri Erik Adams boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, uchrashuvda palata raisining maslahatchisi Umid Safarov, O‘zbekistonning yetakchi tadbirkorlari hamda bir qator biznes uyushmalari vakillari ishtirok etgan.
Uchrashuvda tomonlar o‘zaro savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, qo‘shma kooperatsiya loyihalarini rivojlantirish va ikki hudud o‘rtasidagi biznes aloqalarni kengaytirish masalalarini muhokama qilgan.
Uchrashuv davomida Umid Safarov tomonidan o‘zbekistonlik tadbirkorlarni AQSH kapital bozorlariga tayyorlash maqsadida Nyu-York fond birjasi bilan hamkorlik o‘rnatish, mamlakatda AQSHning yetakchi universitetlari bilan biznes maktabi va akseleratsiya dasturlari yaratish, shuningdek, Toshkentda qo‘shma kasb-hunar kollejini ochish taklif etilgan.
Kichik biznes uyushmasi raisi Kamolat Mirzaaliyeva esa Nyu-York kichik biznes birlashmasi bilan hamkorlik o‘rnatish va mahalliy mahsulotlarni AQSH bozoriga eksport qilishda ko‘mak so‘ragan.
Tadbirkorlar tomonidan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Amerika bozoriga yetkazib berishni kengaytirish, biokimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarish va innovatsion loyihalarni rivojlantirish bo‘yicha takliflar bildirilgan.
“Uchrashuv konstruktiv ruhda o‘tib, ikki tomonlama biznes hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishi kutilmoqda”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 6 noyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Vashingtonda AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashgan va Markaziy Osiyo mamlakatlari Prezidentlari bilan birga C5+1 formatidagi sammitda qatnashgandi.
Keyinroq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining AQSHdagi vakili lavozimi joriy etilishi belgilandi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasida o‘zaro manfaatli savdo-investitsiyaviy va tijorat aloqalarini yanada kengaytirish va mustahkamlash hamda ishbilarmonlik muhitini sifat jihatdan yaxshilash va tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ushbu yo‘nalishda ishlarni samarali tashkil etish maqsadida Amerika-O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi tashkil etilishi ma’lum qilindi.
Live
Barchasi