Muzokaralar arafasida Rossiya Turkiyadagi elchisini almashtirmoqchi

Olam

image

Rossiyaning Turkiyadagi diplomatik missiyasiga yangi rahbar etib Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sergey Vershinin tayinlanadi. Bu haqda o‘zining uchta manbasiga tayanib, “Kommersant’” xabar berdi.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Sergey Vershinin Rossiya Federatsiyasining Turkiyadagi diplomatik vakolatxonasining yangi rahbari bo‘ladi. 2018 yil mart oyidan boshlab u mamlakat Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari lavozimini egallab kelmoqda. Ungacha u Rossiya Tashqi ishlar vazirligining Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika departamenti direktori bo‘lgan. Shu bilan birga, 2011 yildan boshlab Tashqi ishlar vazirining Yaqin Sharq mojarosini tartibga solish bo‘yicha maxsus vakili lavozimini ham egallagan. Bu lavozimda u Rossiyani “Yaqin Sharq to‘rtligi” (Rossiya, AQSH, Yevropa Ittifoqi va BMT) muzokaralarida qatnashgan.

2013 yildan buyon u Suriya mojarosini hal etish masalasida faol ishtirok etib kelmoqda va turli xalqaro formatlardagi muzokaralarda qatnashgan. 2017 yil yanvar oyidan esa Ostona formatidagi muzokaralarda Rossiya delegatsiyasiga rahbarlik qilgan. Shuningdek, u Jeneva va Vena shaharlarida bo‘lib o‘tgan Suriya muxolifati vakillari bilan uchrashuvlarda qatnashgan.

Ma’lumot uchun, Rossiyaning Turkiyadagi amaldagi elchisi – Aleksey Yerxov hisoblanadi. U 2017 yil 19 iyundan beri ushbu lavozimda faoliyat yuritib kelmoqda.

Eslatib o‘tamiz, bugun, 2 iyun kuni Turkiyaning Istanbul shahrida Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralarning ikkinchi bosqichi bo‘lib o‘tishi haqida xabar berilgandi. Tomonlardan Rossiya delegatsiyasi kecha, 1 iyun kuni, Ukraina delegatsiyasi esa bugun, 2 iyun kuni muzokaralar olib borish uchun Istanbulga yetib borgan. Uchrashuv kunning ikkinchi yarmiga belgilangan. Ushbu uchrashuvlarning birinchi bosqichi 16 may kuni bo‘lib o‘tgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya Sergey Vershinin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing