Mujtabo Xomanaiy ilk bor xalqqa murojaat yo‘lladi
Olam
−
20:11 6410 3 daqiqa
Bugun, 12 mart kuni Eronning yangi Oliy rahnamosi Mujtabo Xomanaiy ilk bor xalqqa murojaat qildi. Uning murojaati “Tasnim” axborot agentligi tomonidan tarqatildi va Eron televideniyesida o‘qib eshittirildi, biroq uning o‘zi kadrda ko‘rinish bermagan.
Xomanaiy o‘zining tayinlangani haqida boshqa eronliklar bilan bir vaqtda – Ekspertlar kengashidagi ovoz berish jarayonining teletranslyatsiyasi orqali bilganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Oliy rahnamo kursisini egallash u uchun qiyin, chunki bu o‘rin avval ikki “buyuk imom” – Xumayniy va o‘zining otasi “shahid Xomanaiy”ga tegishli bo‘lgan.
Murojaatning markaziy mavzusi urush bo‘lgan. Xomanaiy harbiylarga dushmanga berilgan “qaqshatqich zarbalar” uchun minnatdorlik bildirgan va Eron Hurmuz bo‘g‘ozini to‘sishda davom etishini ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, dushmanning “tajribasi deyarli yo‘q” va “haddan tashqari zaif“ bo‘lgan “yangi frontlar” ustida ish olib borilmoqda – zarurat tug‘ilganda ular ishga solinadi. Yangi rahnamo, shuningdek, Yaman husiylari, “Hizbulloh” va Iroq qarshilik kuchlariga qo‘llab-quvvatlaganliklari uchun tashakkur aytgan.
Xomanaiy halok bo‘lgan har bir eronlik uchun – nafaqat otasi, balki o‘ldirilgan har qanday fuqaro uchun qasos olishga va’da bergan. U Minobdagi qizlar maktabiga berilgan zarbani alohida e’tibor talab qiladigan jinoyat sifatida ajratib ko‘rsatgan. Shuningdek, yangi rahnamo ogohlantirgan: Eron dushmandan reparatsiya (tovon) talab qiladi, rad etilgan taqdirda esa yo uning mulkini musodara qiladi, yoki shunga teng miqdordagi qiymatni yo‘q qiladi.
Hududida xorijiy harbiy bazalar joylashgan qo‘shni davlatlarga Xomanaiy to‘g‘ridan to‘g‘ri ogohlantirish yuborgan: Eron aynan o‘sha ob’ektlarga zarbalar bergan va berishda davom etadi – bunda davlatlarning o‘zlari bilan urushish niyati yo‘q. U ushbu mamlakatlarni bazalarni “iloji boricha tezroq” yopishga chaqirgan, chunki uning aytishicha, Amerikaning xavfsizlik haqidagi va’dalari yolg‘on bo‘lib chiqqan.
Nutqning ichki siyosiy qismida Xomanaiy xalqning roliga urg‘u bergan: uning fikricha, aynan eronliklar mamlakat Oliy rahnamosiz qolgan kunlarda davlatni boshqargan. U birdamlikka, o‘zaro yordamga va jamiyat hayotida faol ishtirok etishga chaqirgan.
Ma’dumot uchun, Mujtabo Xomanaiy Eronning uchinchi Oliy rahnamosi bo‘ldi. Ekspertlar kengashi uni 8 mart kuni – 28 fevralda AQSH va Isroilning qo‘shma aviazarbasi oqibatida halok bo‘lgan otasi, Oyatulloh Ali Xomanaiy vafotidan bir necha kun o‘tib sayladi. AQSH Prezidenti Donald Tramp bundan sal avval “Axios” nashriga bergan intervyusida Mujtaboni “yengil vaznli” (tajribasiz) deb atagan va o‘ldirilgan oyatulloh siyosatini davom ettiradigan nomzodni qabul qilmasligi bilan tahdid qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron Tashqi ishlar vazirligi vakili Ismoil Bag‘oiy Italiyaning “Corriere della Sera” gazetasiga bergan intervyusida yangi Oliy rahbar Mujtabo Xomanaiy yaralangani, biroq uning ahvoli yaxshi ekanini aytgan edi.
Live
Barchasi