Muvaffaqiyatga erishmadim – Tramp Putin bilan suhbat haqida

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp Rossiya yetakchisi Vladimir Putin bilan telefon orqali suhbat chog‘ida Ukrainadagi Rossiya urushini tugatish masalasida hech qanday muvaffaqiyatga erishmaganini aytdi. Bu haqda u kecha, 3 iyul kuni Vashington yaqinidagi Endryu harbiy bazasida jurnalistlarga ma’lum qildi.

“Bu juda uzoq suhbat bo‘ldi, biz ko‘p narsalarni, jumladan Eron haqida, shuningdek, siz bilganingizdek, Ukraina bilan urush haqida gaplashdik. Va men xursand emasman. Men u bilan (Putin) hech qanday muvaffaqiyatga erishmadim”, dedi Amerika rahbari.

Bundan tashqari, Amerika yetakchisi AQSH Kiyevga qurol yetkazib berishda davom etayotgani haqida bayonot berdi.

“Biz qurol berayapmiz, ular bilan (ukrainaliklar) ishlayapmiz va ularga yordam berishga harakat qilyapmiz. Bilasizmi, Bayden ularga qurol berib, butun mamlakatimizni vayron qildi va biz qurollar o‘zimizda yetarli ekaniga ishonch hosil qilishimiz kerak”, dedi u.

Kremlga ko‘ra, yanvar oyidan beri Putin va Tramp o‘rtasidagi oltinchi rasmiy telefon muloqoti 3 iyul kuni deyarli bir soat davom etgan.

“Siyosatchilar Suriya, Eron va Yaqin Sharqdagi vaziyatni ham muhokama qildilar”, dedi Rossiya Prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov.

Ushakovning so‘zlariga ko‘ra, shaxsiy uchrashuv haqida gap bo‘lmagan, ammo “bu g‘oya havoda aylanib yuribdi”.

Avvalgi suhbat iyun oyining o‘rtalarida, Putin Yaqin Sharq bo‘yicha kelishuv bo‘yicha vositachi sifatida o‘z nomzodini taklif qilgan paytda bo‘lib o‘tgan edi.

Britaniyaning “Financial Times” gazetasining yozishicha, Tramp bugun, 4 iyul kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan telefon orqali muloqot qiladi. Ukraina rasmiylari AFP agentligi bilan suhbatda Kiyevda bu qo‘ng‘iroqqa “tayyorgarlik ko‘rilayotganini” tasdiqladi.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Pentagon AQSHning ushbu qurol-yarog‘ zaxiralari juda ozligidan xavotirga tushib, Kiyevga Patriot havo mudofaa raketalari, Hellfire raketalari va boshqa aniq artilleriya o‘q-dorilarini yetkazib berishni muzlatib qo‘ygani xabar qilingandi. Bu qurollarni yetkazib berish Kiyev bilan Bayden ma’muriyati tomonidan kelishilgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya Ukraina Kiev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing