Mundial sababli Superliga taqvimi o‘zgarishi mumkin
Sport
−
04 avgust 7469 5 daqiqa
Kelasi, 2026 yilda O‘zbekiston milliy terma jamoasi tarixda ilk bor Jahon chempionatida ishtirok etadi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Superligasi taqvimida o‘zgarish bo‘lishi mumkin. Bu haqda Professional futbol ligasi (O‘zPFL) matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, shu yilning 31 iyul sanasiga qadar O‘zPFL FIFA ish rejasiga futbolchilarni rasmiy musobaqalar uchun ro‘yxatdan o‘tkazish davrini yuklashi lozim bo‘lgan. Shundan kelib chiqib, 2026 yilgi mavsum uchun qishki transfer oynasi joriy yilning 5 dekabr sanasida ochilib, u kelasi yilning 20 fevraliga qadar davom etishi belgilangan. Navbatdagi yozgi transfer oynasi esa kelasi yilning 22 iyunidan boshlab 24 iyulga qadar davom etadi.
Ma’lumki, 2026 yilning 1-9 iyun sanalari FIFA kunlari sifatida belgilab qo‘yilgan. Mundial esa 11 iyun kuni start olib, 19 iyulga qadar davom etadi. Musobaqaning guruh bosqichi 27 iyun kuni yakuniga yetadi. Shundan kelib chiqilsa, O‘zbekistonda iyun oyi davomida odatdagi tartibda rasmiy uchrashuvlar o‘tkazishda cheklovlar bo‘lishi mumkin. Reglamentga ko‘ra, milliy terma jamoaga uch va undan ortiq futbolchisi jalb etilgan klub rasmiy uchrashuvni ko‘chirishni so‘rab, O‘zPFLga murojaat qilishi mumkin. Ayni vaqtda qaysi klub bilan bunday holat yuz berishi O‘zPFLga ma’lum emas. Qolaversa, terma jamoa ustozlari iyun oyidagi FIFA kunlarida kengaytirilgan tarkib bilan mashg‘ulot o‘tkazishi ehtimoli mavjud. Jahon chempionati davom etayotgan bir vaqtda milliy chempionat o‘yinlarini o‘tkazish esa mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi.
Shundan kelib chiqilsa, O‘zPFLda 3 ta variant mavjud:
- “Superliga va Proliga reglamenti” 10.9-bandiga o‘zgartirish kiritish hamda iyun oyidagi FIFA kunlari davomida hech bo‘lmaganda O‘zbekiston kubogi musobaqasini davom ettirish hamda o‘rtadagi katta tanaffus muddatini biroz qisqartirish (Masalan, Afrika millatlar kubogiga 3 nafardan ko‘proq futbolchisini yuborgan APL klublari rasmiy uchrashuvlarda davom etadi);
- iyun-iyul oylarida katta tanaffus e’lon qilib, mavsumni avgust oyidan boshlab davom ettirish va kubok formatiga o‘zgartirish kiritish;
- iyul oyining ekvatoridan boshlab mavsumni davom ettirish, katta tanaffus muddatini biroz qisqartirish va barcha musobaqalarni o‘z formatida qoldirish.
“Mazkur masalalar Liga va klublar ishtirokidagi yig‘ilishda o‘zaro hal qilinadi. Shu xususda Liga bir qator mutaxassislar, jumladan, Ro‘ziqul Berdiyev, Mirjalol Qosimov, Timur Kapadze, Vadim Abramov kabi mutaxassislar fikri bilan qiziqqan. Albatta, qolgan klublar ham bu borada o‘z takliflari bilan ishtirok etadi”, deyiladi xabarda.
Bildirilishicha, ayni vaqtda 2026 yilgi mavsum uchun ishchi taqvim reja ishlab chiqilgan bo‘lib, unga ko‘ra musobaqa fevral oyining so‘nggi kunlarida start olishi va may oyi yakuniga qadar Superliganing 15 ta tur uchrashuvlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Musobaqaning start olishida Nasaf va Andijon klublarining o‘zi ishtirok etayotgan xalqaro musobaqalar guruh bosqichidagi ehtimoliy muvaffaqiyat yoki muvaffaqiyatsizligiga e’tibor qaratiladi. Shuningdek, yozgi transfer oynasi ochilgunga qadar Superliganing teng yarmi ortda qolishiga e’tibor qaratiladi.
Mazkur holatda kubok formatini o‘zgartirishga ehtiyoj tug‘iladi. Unga ko‘ra, guruh bosqichi bekor qilinadi, Superliga va Proliga klublari 1/16 finaldan e’tiboran qo‘shiladi. Bunda har bir bosqichda jamoalar faqatgina bitta o‘yinda maydonga tushadi, mag‘lub jamoa musobaqani tark etadi. Boisi mavsumning ikkinchi yarmida ham xalqaro taqvimning zichligi ayrim qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi.
Jumladan, FIFA kunlari shu vaqtga qadar 9 kunni tashkil qilgan bo‘lsa, 2026 yilning sentyabr va oktyabr oyiga reja qilinishi kerak bo‘lgan FIFA kunlari qo‘shib yuborilgan va u umumiy 16 kundan iborat bo‘ladi. Shundan kelib chiqib, Superliga klublari bu vaqt oralig‘ida qo‘shimcha yana 18-20 kunlik tanaffusga chiqishiga to‘g‘ri keladi. Shularni inobatga olib, O‘zPFL taklif qilayotgan taqvimda Superliganing 2026 yilgi mavsumi 30 noyabrga qadar nihoyasiga yetishi rejalashtirilgan. O‘zbekiston kubogining yarim finaliga qadar yetib kelgan 4 ta klubgina dekabr oyida ham rasmiy uchrashuvlar o‘tkazishiga to‘g‘ri keladi.
“Sir emaski, Liga kubok finallariga so‘nggi yillarda katta e’tibor qaratib keladi. Buning uchun final ishtirokchilari avvaldan aniqlab olinishi va reja shu asosda olib borilishi muhim. Biroq 2026 yilgi ishchi rejada bu biroz murakkab hisoblanadi (kubok yarim finaliga qadar yetib kela olmagan klublarning mavsumni ertaroq yakunlashi masalasi ham bor). Shundan kelib chiqib, yarim final va finaldan joy olgan umumiy 3 ta bellashuv markazlashgan tarzda – final bosqichi maqomida o‘tkazilishi mumkin. Ya’ni, yarim finalga qadar yetib kelgan barcha 4 ta klub final bosqichi uchun bir shaharda to‘planadi. Finalga oid tadbirlarning barchasida mana shu klublar umumiy ishtirok etadi, bundagi barcha masalalar Liga tomonidan olib boriladi”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, mazkur mavzu jamoatchilik muhokamasi uchun qo‘yilayotgan bo‘lib, avgust oyi yakunida O‘zPFL barcha klublar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazadi va yuqoridagi masalalarni ular bilan kelishadi. Klublar o‘z taklifini ishlab chiqishi uchun yetarli vaqt bo‘lishi, shuningdek, kelasi yilga mo‘ljallangan taqvim Assotsiatsiyada ham tahlil qilinib, tashkilot bu borada o‘z fikr va mulohazalari bilan ishtirok etishi O‘zPFL uchun muhim hisoblanadi. Bu o‘z navbatida Assotsiatsiya milliy terma jamoaning kelgusi yil uchun rejalarini tezroq ishlab chiqishi va ehtimoliy shoshilinch o‘zgarishlarga yo‘l qo‘yilmasligida asqotadi.
Ma’lumot uchun, 2026 yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionatida 48 ta terma jamoa ishtirok etadi. Turnir 11 iyundan 19 iyulgacha AQSH, Kanada va Meksika hududida bo‘lib o‘tadi. Ushbu turnirda tarixda ilk bor O‘zbekiston milliy terma jamoasi ham qatnashadi.
Live
Barchasi