Mudofaa 5 oyda 8 marta muhokama qilindi yoxud O‘zbekiston qurollarini ko‘paytiryapti
Jamiyat
−
11 iyun 23082 5 daqiqa
Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 8 iyun kuni mudofaa sohasidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan taqdimot bilan tanishdi. E’tiborli jihati shundaki, davlat rahbari yil boshidan buyon mudofaa va xavfsizlik tizimiga bag‘ishlangan taqdimotlar hamda yig‘ilishlarda bir necha bor ishtirok etdi. Bu esa mintaqa va dunyodagi murakkab geosiyosiy vaziyat sharoitida O‘zbekiston o‘z mudofaa salohiyatini mustahkamlash, Qurolli Kuchlarni modernizatsiya qilish va harbiy boshqaruv tizimini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratayotganini ko‘rsatadi.
Bu galgi taqdimotda havo hujumidan mudofaa va harbiy aviatsiya tizimini transformatsiya qilish masalalari muhokama qilindi. Mudofaa vaziri general-mayor Shuhrat Xalmuxamedov so‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar natijasida qo‘shinlar zamonaviy aviatsiya texnikalari, havo hujumidan mudofaa vositalari hamda uchuvchisiz aviatsiya komplekslari bilan ta’minlanganini ma’lum qildi.
Shuningdek, amaliy parvoz mashg‘ulotlari hajmi bir necha barobar oshirilgani, aviatsiya bo‘linmalarining jangovar shayligi va imkoniyatlari izchil mustahkamlanayotgani qayd etildi.
Taqdimotda milliy harbiy kadrlar tayyorlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Ta’kidlanishicha, Harbiy xavfsizlik va mudofaa universitetining Qarshi shahrida joylashgan Harbiy aviatsiya institutida xalqaro standartlar asosida tashkil etilgan ta’lim jarayoni nazariy bilimlar va amaliy tayyorgarlikni uyg‘unlashtirish imkonini bermoqda. Xususan, kursantlar “Ustoz-shogird” tamoyili asosida Xonobod aerodromida tajribali mutaxassislar rahbarligida amaliy ko‘nikmalarni egallamoqda.
Shu kuni Prezident harbiy aviatsiya va havo hujumidan mudofaa tizimini yanada rivojlantirishga qaratilgan farmonni ham imzoladi. Hujjatga muvofiq, Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari hamda Harbiy havo kuchlari qo‘mondonligi negizida Harbiy-havo kuchlari jangovar qo‘mondonligi tashkil etiladi. Shuningdek, yuqori aniqlikdagi qurollar va zamonaviy uchuvchisiz aviatsiya komplekslari bilan jihozlangan yangi bo‘linmalarni shakllantirish orqali harbiy aviatsiyaning jangovar imkoniyatlarini sezilarli darajada oshirish rejalashtirilgan.
O‘zbekistonning harbiy-texnik hamkorlik sohasidagi faolligi ham so‘nggi yillarda yangi bosqichga ko‘tarildi. Mamlakat Turkiyaning “Bayraktar TB2” razvedka-zarbdor dronlarini xarid qildi va ular hozirda chegaralarni qo‘riqlash hamda jangovar navbatchilikda qo‘llanilmoqda. Shuningdek, Turkiyaning TUSAŞ kompaniyasi ishlab chiqqan ANKA og‘ir uchuvchisiz aviatsiya komplekslarini yetkazib berish bo‘yicha ham kelishuvlarga erishilgan.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Braziliyaning Embraer kompaniyasi ishlab chiqqan “C-390 Millennium” harbiy-transport samolyotlarini sotib olish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Natijada O‘zbekiston Markaziy Osiyoda mazkur zamonaviy harbiy-transport samolyotlarining birinchi operatoriga aylanadi. Mutaxassislar fikricha, mazkur samolyotlar Harbiy-havo kuchlarining transport, gumanitar va tezkor operatsiyalarni amalga oshirish imkoniyatlarini sezilarli darajada kengaytiradi.
Mazkur taqdimotda harbiy sohadagi tashkiliy o‘zgarishlar bilan bir qatorda harbiy tibbiyot tizimini takomillashtirish masalalari ham muhokama qilindi. Xususan, O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida harbiy tibbiyot sohasida hamkorlikni kengaytirish, kadrlar tayyorlash va tajriba almashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan axborot berildi.
Ma’lumki, Prezident Shavkat Mirziyoyevning joriy yil yanvar oyida Turkiyaga amalga oshirgan davlat tashrifi davomida ikki mamlakat hukumatlari o‘rtasida harbiy tibbiyot sohasida ta’lim va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolangan edi. Mazkur kelishuv doirasida harbiy shifokorlar va tibbiyot mutaxassislarini tayyorlash, ularning malakasini oshirish, magistratura va aspirantura dasturlarini yo‘lga qo‘yish hamda sohadagi ilg‘or tajribalarni joriy etish rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, davolash ishi, stomatologiya, farmatsevtika, profilaktika tibbiyoti, hamshiralik va tibbiy ta’lim yo‘nalishlarida hamkorlikni rivojlantirish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, seminar va konferensiyalar tashkil etish, mutaxassislar hamda talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi. Ikki mamlakat tibbiyot muassasalari o‘rtasida bemorlarni birgalikda davolash va qo‘shma tibbiyot markazlarini tashkil etish imkoniyatlari ham muhokama qilindi.
Turkiya bilan harbiy hamkorlik so‘nggi yillarda sezilarli darajada faollashgan. Joriy yilning 23 aprel kuni Prezidentga mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan alohida axborot berilgan edi. Unda Turkiya Qurolli kuchlarining yuqori martabali vakillari ham ishtirok etgan. Uchrashuv davomida harbiy-texnik hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, qo‘shma tadbirlar sonini ko‘paytirish va harbiy mutaxassislar tayyorlash sohasidagi aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama qilingan.
Yig‘ilishda harbiy xizmatchilarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan takliflar ham ko‘rib chiqildi. Xususan, mudofaa ishlari organlarida faoliyat yuritayotgan fuqaro xodimlarining ish haqini bosqichma-bosqich oshirish hamda harbiy xizmatchilarga turar joy ijarasi uchun to‘lanadigan pul kompensatsiyasini ko‘paytirish choralari muhokama qilindi.
Shu asosda 10 iyun kuni tegishli Prezident qarori qabul qilinib, unga muvofiq Toshkent va Samarqand shaharlarida xizmat o‘tayotgan harbiy xizmatchilarga turar joyni ijaraga olganlik uchun to‘lanadigan har oylik kompensatsiya miqdori 25 foizga oshirildi. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri mudofaa ishlari boshqarmalari hamda tuman va shahar mudofaa ishlari bo‘limlaridagi fuqaro xodimlarning ish haqini ham bosqichma-bosqich oshirish belgilandi.
Mudofaa sohasida raqamlashtirish jarayonlarini kengaytirish ham kun tartibidagi muhim masalalardan biri bo‘ldi. Xususan, 16 yoshga to‘lib, ID-karta olgan o‘g‘il bolalar haqidagi ma’lumotlarni Ichki ishlar vazirligi axborot tizimidan avtomatik ravishda olish va ularni harbiy hisobga qo‘yishning yangi tartibini joriy etish taklif qilinmoqda.
Bundan tashqari, chaqiruvchilarning tibbiy ko‘rigini tashkil etish tizimini soddalashtirish ham rejalashtirilgan. Yangi tartibga ko‘ra, mudofaa ishlari bo‘limlaridagi tibbiy komissiyalar bosqichma-bosqich bekor qilinib, barcha tibbiy ko‘rik tadbirlari tuman va shahar markaziy ko‘p tarmoqli poliklinikalarida o‘tkaziladi. Mutasaddilar fikricha, mazkur tizim inson omilini kamaytirish, xizmatlar shaffofligini ta’minlash va fuqarolar uchun ortiqcha ovoragarchiliklarni bartaraf etish imkonini beradi.
Taqdimot yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev Qurolli Kuchlarning jangovar shayligi va tayyorgarligini yanada oshirish, harbiy boshqaruv tizimini zamonaviylashtirish, ilg‘or xorijiy tajribalarni joriy etish bo‘yicha ustuvor vazifalarni belgilab berdi. Shuningdek, harbiy ta’lim tizimidagi islohotlarni izchil davom ettirish, askarlarni kasbga o‘rgatish, ularni oliy ta’lim muassasalariga tayyorlash va harbiy xizmatchilar uchun munosib shart-sharoitlar yaratish yuzasidan mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi.
Bularning barchasi O‘zbekiston so‘nggi yillarda nafaqat qurol-yarog‘ va texnika jihatidan, balki harbiy boshqaruv, kadrlar tayyorlash, tibbiy ta’minot va ijtimoiy himoya sohalarida ham keng qamrovli modernizatsiya jarayonlarini amalga oshirayotganini ko‘rsatadi.
Voqea tafsilotlari bilan batafsil tanishish uchun QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasi orqali ushbu videoni tomosha qiling.
Live
Barchasi