“Muammolar bor”. Fidan Turkiya – Ozarbayjon munosabatlari haqida gapirdi

Olam

−

image

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan Turkiya va Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlarga putur yetkazish uchun ayrim kelishmovchiliklardan foydalanishga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirdi. Bu haqda u kecha, 15 oktyabr kuni Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning (OHICHK) 7-sammitida ishtirok etayotganda Baku shahrida jurnalistlarga ma’lum qildi. 

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Turkiya-Ozarbayjon munosabatlari ko‘plab tarixiy sinovlardan o‘tgan va mustahkam strategik poydevorga tayanadi.

“Bir millat – ikki davlat” tamoyili barcha sohalarda o‘z aksini topmoqda. Yetakchilarimiz o‘rtasida buzilmas do‘stlik va qardoshlik rishtalari mavjud. Bu rishtalar juda og‘ir damlarda, urushlar va inqirozlar davrida sinovdan o‘tgan”, deydi Fidan.

TIV rahbari ayrim masalalar bo‘yicha ikki mamlakat pozitsiyasi bir-biridan farq qilishi mumkinligini tan olgan. Biroq uning so‘zlariga ko‘ra, bu kabi kelishmovchiliklardan Anqara va Baku o‘rtasidagi strategik aloqalarni zaiflashtirish uchun foydalanilishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.

Fidan Turkiya va Ozarbayjon o‘rtasidagi hamkorlik siyosiy, madaniy, ijtimoiy va moliyaviy sohalarni qamrab olganini, ijtimoiy tarmoqlar hamda kommunikatsiya vositalarining rivojlanishi esa ikki jamiyatning bir-biriga o‘zaro ta’sirini kuchaytirganini qayd etgan.

Shu bilan birga, vazir qarashlardagi tafovutlarni ijtimoiy tarmoqlarda targ‘ibot quroliga aylantirmaslikka chaqirgan.

“Biz – qadimiy millatmiz. O‘z muammolarimizni esa ko‘p asrlik o‘tmishimizga munosib tarzda hal qilamiz: dasturxon atrofiga o‘tirib, ularni o‘zimizga munosib va zamonaviy tarzda muhokama qilamiz”, deydi u.

Hoqon Fidan ushbu masalalarni Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev bilan muhokama qilganini va uning pozitsiyasini tinglaganini ma’lum qilgan.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Bakuga tashrifidan oldin Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an ham unga tegishli topshiriqlarni bergan.

Hoqon Fidan ikkala tomon ham yuzaga kelayotgan kelishmovchiliklardan suiiste’mol qilinishiga va ikki mamlakat munosabatlarida yangi to‘siqlar paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qilayotganini bildirgan.

“Bugungi kunda ikki mamlakat namoyish etayotgan strategik hamjihatlik xalqaro hamjamiyatning diqqat markazida turibdi”, deydi Turkiya diplomatiyasi rahbari.

U Anqara va Baku o‘rtasidagi munosabatlar kelajakda ham o‘z belgilovchi ahamiyatini saqlab qolishiga ishonch bildirgan.

Qayd etish joiz, so‘nggi kunlarda ommaviy axborot vositalari Turkiya va Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlar sovuqlashgani haqida yozmoqda. Xususan, Ozarbayjonning Isroil bilan munosabatlari Turkiya OAVda asosiy muhokama mavzularidan biriga aylandi. 

Buning ortidan mamlakat Prezidenti Ilhom Aliyev joriy yilning 2 oktyabr kuni Bakuda bo‘lib o‘tgan “Yangi Ozarbayjon” partiyasining VIII s’ezdida mamlakatning siyosatiga hech kim aralashmasligi kerakligini aytdi.

Bundan tashqari, Isroil Prezidenti Isxak Gersog Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning yettinchi sammitida ishtirok etish uchun Bakuga Turkiya havo yo‘li orqali Ozarbayjonning tijoriy samolyotida borgani ham Turkiya ommaviy axborot vositalarida kun mavzusiga aylandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing