Mourinyuni ishdan ketishiga sabab bo‘lgan klub unga ish taklif qilmoqda
Sport
−
17 Sentabr 5666 2 daqiqa
Kecha, 16 sentyabr kuni “Benfika” jamoasi Chempionlar Ligasi doirasida “Qorabog‘”dan uchralgan mag‘lubiyatdan so‘ng bosh murabbiysi Brunu Lajini iste’foga chiqardi. Endi “Benfika”ni boshqarish uchun asosiy nomzod sifatida Joze Mourinyu nomi tilga olinmoqda. Bu haqda “A Bola” nashri xabar berdi.
Brunu Lajining iste’foga chiqarilishi haqida klub prezidenti Ruy Koshta kechagi o‘yindan so‘ng matbuot anjumanida ma’lum qildi.
“Benfika”ning barcha muxlislariga shuni ma’lum qilmoqchimanki, biz Brunu Laji bilan kelishuvga erishdik, u “Benfika” ustozi lavozimini tark etadi”, dedi u.
Shuningdek, klub prezidentiga Mourinyu haqida ham savollar berildi.
“Mourinyu? Bu yerda nomlar haqida gapirishimiz foydasiz. Endi shanba kunigacha murabbiy topishga tayyorgarlik ko‘ryapmiz”, deya qo‘shimcha qildi Ruy Koshta.
Manbaga ko‘ra, “Benfika” rahbariyati allaqachon Mourinyuning vakillari bilan dastlabki muzokaralarni boshlagan. Shuningdek, Nuno Espirito Santo va Tyago Motta kabi nomzodlar ham ko‘rib chiqilmoqda. Biroq Mourinyuning tajribasi, nufuzi va klub bilan tarixiy aloqasi uni eng kuchli da’vogar sifatida ajratib turibdi.
Qiziq tarafi shuki, Joze Mourinyu “Benfika”dan uchralgan mag‘lubiyat va Chempionlar ligasiga chiqa olmagani uchun “Fenerbahche” jamoasi bosh murabbiyligidan ozod etilgandi. Portugaliyalik mutaxassis 2000 yilda “Benfika”da o‘zining birinchi katta murabbiylik ishini boshlagan. O‘tgan 25 yil davomida u 10 ta klubni boshqargan, “Portu” va “Inter” bilan Chempionlar Ligasi kubogini qo‘lga kiritgan hamda Portugaliya, Angliya, Italiya va Ispaniyada chempionlikka erishgan mutaxassis hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, Turkiyaning “Istanbul Bashakshehir” jamoasi ham yaqinda Nuri Shahinni klub bosh murabbiysi sifatida tanishtirgan edi.