Moskvada 33 yoshli markaziy osiyolik ayol vahshiylarcha o‘ldirildi
Olam
−
14:14 4846 2 daqiqa
Rossiya Tergov qo‘mitasining Moskva shahri bo‘yicha boshqarmasi Qirg‘iziston fuqarosi, 33 yoshli Aygerim ismli ayolning vahshiylarcha o‘ldirilishi yuzasidan tergov olib bormoqda. Uning qarindoshlari Lyublinskaya ko‘chasidagi ijaraga olingan xonadondagi divan ichidan ayolning zo‘ravonlik alomatlari bo‘lgan jasadini topgan. Bu haqda MK xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, ayol Moskvadagi shifoxonalardan birida farrosh bo‘lib ishlagan va ikki nafar vatandoshi bilan birga ikki xonali xonadonda ijarada yashagan. Ayol joriy yilning 8 may kuni aloqaga chiqmay qolgan. Kuzatuv kameralari uning soat 21:00 atrofida o‘z pod’ezdiga kirganini qayd etgan, shundan so‘ng u izsiz g‘oyib bo‘lgan.
Yo‘qolgan ayolning singlisi 12 may kuni u yashagan manzilga borgan. O‘sha paytda uyda ijarachilardan biri bo‘lgan. Qarindosh ayol xonadonni ko‘zdan kechirgan, biroq shubhali hech narsa sezmagan.
Oila a’zolari 18 may kuni yana o‘sha xonadonga borgan. Ko‘zdan kechirish davomida yaqinlari divanning ichki (choyshablar saqlanadigan) qismidan jasadni topgan. Jinoyatchilar qurbonni polietilen paketlarga o‘rab, skotch bilan bog‘lab tashlagan. Sud-tibbiy ekspertlari marhumaning bo‘ynida kesilgan jarohat va qo‘l kaftlarida shikastlanishlar borligini qayd etgan. Qo‘ldagi jarohatlar ayol hujumchilardan qattiq himoyalanganidan dalolat beradi.
Politsiya xodimlari jinoyat joyidan uchta pichoq (ularning ikkitasida qon izlari topilgan), qaychi, skotch rulonlari va yotoq anjomlarini ashyoviy dalil sifatida olgan.
Huquq-tartibot idoralari marhumaning 31 yoshli qo‘shnisini (birga yashagan ijarachini) darhol hibsga olgan. Ikkinchi ijarachi, 30 yoshli Qirg‘iziston fuqarosi esa 11 va 12 may oralig‘ida xonadonni shoshilinch tarzda tark etgan. Tergovning dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu erkak Qozog‘istonga qochib ketgan.
Tergovchilar Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 105-moddasi 1-qismi (qotillik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan va fojianing barcha tafsilotlarini o‘rganishda davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Moskva shahrida uch nafar qirg‘izistonlik is gazidan zaharlanib vafot etgan edi.
Live
Barchasi