Moskvada 10 mayga qadar internet uzilib turadi

Olam

image

Rossiyaning Moskva shahrida mobil internet joriy yilning 10 may kuniga qadar cheklovlar bilan ishlashi mumkin. Bu haqda Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov bugun, 7 may kuni jurnalistlar bilan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumani chog‘ida so‘z ochdi.

Ma’lum qilinishicha, Peskov bu cheklovlarni aholi to‘g‘ri qabul qilishi kerakligini aytgan.

“Bu uzilishlar emas, bu aniq sabablarga ko‘ra, mobil internet ishidagi cheklovlar. Albatta, buni to‘g‘ri tushunish kerak”, Peskov.

Shuningdek, Peskov bu choralarni “xavfli qo‘shnichilik” aloqalari bilan bog‘lab ketgan.

Jurnalistlarning “Kreml aniq qaysi vaqtlarda internet tarmoqlarida cheklov bo‘lishini ayta oladimi?” degan savoliga Peskov “Yo‘q. Bu zaruratga qarab amalga oshiriladi”, deya javob bergan.

Oldinroq, Rossiya Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish yagona davlat tizimi ham bayram tadbirlari xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq internet tarmog‘ida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolar haqida xabar bergan.

Rossiya matbuotiga ko‘ra, ushbu cheklovlar Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 80 yilligi yubileyiga tayyorgarlik uchun amalga oshirilmoqda.

Ma’lumot uchun, Moskvada joriy yilning 9 may kuni bo‘lib o‘tadigan harbiy paradga 20 dan ortiq davlat rahbarlari kelishi kutilmoqda. Ular orasida Markaziy Osiyo davlatlari Prezidentlari ham bor.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Putin Ukrainada 8-10 may kunlari bir tomonlama ravishda o‘t ochishni to‘xtatishni e’lon qilgan va bu qarorga Ikkinchi jahon urushida Germaniya ustidan qozonilgan g‘alabaning 80 yilligi va “gumanitar mulohazalar” sabab qilib ko‘rsatgan edi.

Kreml Kiyevni “bundan o‘rnak olishga” chaqirgandi va o‘t ochishni to‘xtatish rejimi buzilgan taqdirda “adekvat va samarali javob” bilan tahdid qilgandi.
Shundan so‘ng, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Ikkinchi jahon urushida Germaniya ustidan qozonilgan g‘alabaning 80 yilligi nishonlanishi munosabati bilan Ukrainada 8 maydan 10 may yarim tungacha davom etishi kerak bo‘lgan uch kunlik sulh haqidagi bayonotlarini “manipulyatsiya”, deb atagandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya internet

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing