Modi Putinning taklifini rad etdi
Olam
−
01 may 22105 1 daqiqa
Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi 9 may kuni Moskvaga kelishdan bosh tortdi. Modining Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Ikkinchi jahon urushida Germaniya ustidan qozonilgan g‘alabaning 80 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlarda ishtirok etish taklifini qabul qilmagani haqida kecha, 30 aprel kuni Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Modi aprel oyi boshida rasmiy taklif olgan, ammo u Moskvaga “kelmaydi”.
“Hindiston vakili bo‘ladi, lekin eng yuqori darajada emas”, dedi Peskov Hindiston Bosh vazirining taklifni rad etish sababini ochiqlamagan holda.
Kreml matbuot kotibi, shuningdek, G‘alaba paradida Xitoy Raisi Si Szinpin ham ishtirok etishini aytdi.
“Uning Moskvaga tashrifi juda katta ahamiyatga ega va unga tayyorlanmoqda”, dedi Peskov.
“The Moscow Times”ning yozishicha, 9 may kuni Moskvaga 20 ta davlat rahbarlari, jumladan, Braziliya Prezidenti Luiz Inasiu Lula da Silva, Slovakiya Bosh vaziri Robert Fitso, Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich, Venesuela rahbari Nikolas Maduro, Kuba Prezidenti Migel Dias-Kanel va Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux borishi kutilmoqda. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Shimoliy Koreya harbiylari ham paradda ilk bor ishtirok etadi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham 9 may kuni Moskvada bo‘lib o‘tadigan tantanalarda qatnashishi xabar qilingandi.