Misrning Damiyetta portida ikki gaz tashuvchi kemaga dron hujumi uyushtirildi
Olam
−
31 iyul 2726 3 daqiqa
Misrning Damiyetta portida ikki gaz tashuvchi kemaga dron hujumi uyushtirilishi Yaqin Sharqdagi mojaro fonida Suvaysh kanali orqali yuk tashish xavfini yanada kuchaytirdi. Bu haqda “Reuters” agentligi xabar berdi.
Misr hukumati ma’lumotiga ko‘ra, 29 iyul kuni Damiyetta portida noma’lum dron ikki kemada yong‘in keltirib chiqargan. Hodisa O‘rta yer dengizi bilan Qizil dengizni bog‘lovchi Suvaysh kanali yaqinida sodir bo‘lgan. Manbalarning aytishicha, dron AQSHga tegishli Energos Winter gaz saqlash tankeriga urilgan. Yong‘in keyinchalik ikkinchi kemaga ham tarqalgan.
Hozircha hujum uchun hech bir tomon javobgarlikni o‘z zimmasiga olmagan. Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi Tehronning hujumga aloqadorligini rad etgan.
“Misr mintaqadagi muhim do‘st va hamkor hisoblanadi, uning xavfsizligi biz uchun juda muhim. Mintaqadagi tinchlikni izdan chiqarishga qaratilgan Isroilning fitnalari va soxta operatsiyalariga qarshi barchamiz hushyor bo‘lishimiz kerak”, degan Aroqchi ijtimoiy tarmoqda.
20 iyul kuni Eron qo‘llab-quvvatlaydigan husiylar Saudiya Arabistoniga qarshi dengiz blokadasi e’lon qilib, mojaroning yangi frontini ochgan edi. So‘nggi hujumlar ortidan Londonning dengiz sug‘urtasi bozori Qizil dengizdagi “yuqori xavf” hududini kengaytirib, Saudiya portlari yaqinidagi qirg‘oqlarni ham ushbu ro‘yxatga kiritgan.
Shu kuni Saudiya Arabistoni Qizil dengizda xalqaro kemalar harakati va energetika ta’minot yo‘llarini himoya qilish maqsadida ko‘p millatli dengiz mudofaa koalitsiyasini tuzish rejasini ham e’lon qilgan.
Energetika tahlilchilariga ko‘ra, Misr suvlaridagi dron hujumi Suvaysh kanali va SUMED neft quvuri xavfsizligi bo‘yicha xavotirlarni yanada kuchaytirgan. Bu ikki yo‘nalish Eron bilan urush boshlanganidan buyon Saudiya neftini eksport qilishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Kpler kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, Saudiya neftining tobora ko‘proq qismi Qizil dengiz orqali shimolga, Suvaysh kanali va SUMED quvuri yo‘nalishiga burilmoqda. Biroq Osiyodagi xaridorlar uchun bu Afrika atrofini aylanib o‘tish tufayli tashish masofasini uzaytirmoqda.
Shu bilan birga, “Reuters” manbalariga ko‘ra, Ummon Fors ko‘rfazi davlatlari qo‘llab-quvvatlayotgan Hormuz bo‘g‘ozini boshqarish rejasini Eronga taqdim etgan. Rasman Tehron bu taklifni rad etgan bo‘lsa-da, Eron Tashqi ishlar vazirligi vakili Ismoil Baqoiy Ummon bilan ushbu masala bo‘yicha muzokaralar davom etayotganini bildirgan.
29 iyul kuni Saudiya Arabistoni AQSH bilan birgalikda Iroq sharqidagi Eronga yaqin qurolli guruhlarga zarba berganini ham ma’lum qilgan. Ar-Riyod bu harakatni Iroq hududidan Saudiya neft ob’ektlariga qarshi amalga oshirilgan dron hujumlariga javob deb izohlagan.
Iroq hukumati vakili Haydar al-Abbudiy esa Bag‘dod ushbu zarbalarga rozilik bermaganini va ular haqida oldindan xabardor bo‘lmaganini ma’lum qilgan. Tahlilchilar fikricha, Iroq va Misrdagi so‘nggi voqealar Yaqin Sharqdagi mojaroga yanada ko‘proq davlatlarni tortib kiritish xavfini oshirmoqda.
Live
Barchasi