4 ming falastinlik bolaning o‘ldirilishi hali yetarli emas – Obamaning yordamchisi
Olam
−
23 noyabr 2023 15156 2 daqiqa
Internetda AQSH Davlat departamentining sobiq xodimi va AQSHning 44-prezidenti Barak Obamaning maslahatchisi Styuart Seldovitsning Nyu-York ko‘chalaridan birida misrlik sotuvchiga 4 ming falastinlik bola o‘ldirilgan bo‘lsa, bu hali yetarli emasligini aytayotgani tasvirlangan videolar paydo bo‘ldi.
Videolardan birida u sotuvchini “terrorchi” deb atagan. Seldovits sotuvchining HAMASni qo‘llab-quvvatlashini iddao qiladi va hatto uning Misrdagi ota-onasining hayotiga ham tahdid qiladi. Sotuvchining aytishicha, Amerika ma’muriyatining sobiq xodimi kioskka kelib, uni haqorat qilishi bir necha bor takrorlangan.
“Biz uni ta’qib qilish va nafrat qo‘zg‘aganlikda ayblab sudga bermoqchimiz. Men bu so‘z erkinligi emas, balki nafrat qo‘zg‘atish ekaniga ishonaman”, deydi kiosk egasi Islom Mustafo.

Internetda tarqalgan videolar fonida Nyu York politsiyasi Seldovitsni hibsga olgan va unga nisbatan nafrat jinoyati bo‘yicha tergov boshlagan.

"The New York Post"ning yozishicha, Seldovits og‘irlashtirilgan ta’qiblar, nafratga asoslangan ta’qiblar va qo‘rqitish maqsadida ta’qib qilishda ayblangan. Ushbu ayblovlarning har biri bir yilgacha qamoq jazosiga sabab bo‘lishi mumkin.
Bundan tashqari, Gotham Government Relations lobbi firmasi ham Seldovitsning so‘zlari tufayli u bilan ishlashni to‘xtatgan.
Ma’lumot uchun, 64 yoshli Seldovits AQSHning 44-prezidenti Barak Obama ma’muriyati davrida Oq uy Milliy xavfsizlik kengashining Janubiy Osiyo bo‘yicha direktori vazifasini bajargan.
Live
Barchasi