Misr Argentinaga qarshi o‘yin bo‘yicha FIFA’ga rasmiy shikoyat qildi

Sport

image

Misr futbol assotsiatsiyasi (EFA) Jahon chempionati 1/8 final bosqichida Argentinaga qarshi uchrashuvni boshqargan fransiyalik hakam Fransua Letekse ustidan FIFA’ga rasmiy shikoyat yo‘lladi. Bu haqda EFA prezidenti Hani Abu Rida “Voices of Emirates” portaliga ma’lum qildi.

Avvalroq, Misr terma jamoasi 1/8 finalda Argentinaga 2:3 hisobida mag‘lub bo‘lgan edi. Misrliklar uchrashuvning 79-daqiqasiga qadar ikki to‘p farqi bilan oldinda borayotgandi. O‘yindan so‘ng jamoa bosh murabbiyi Hussam Hasan FIFA’ni mag‘lubiyatda ayblab, bahsni “soxtalashtirilgan o‘yin” deb atagan edi.

Hani Abu Ridaning ta’kidlashicha, Fransua Letekse uchrashuv davomida qator jiddiy xatolarga yo‘l qo‘ygan va “ikki xil standart” qo‘llagan. 

Uning fikricha, aynan shu qarorlar Misrning musobaqani tark etishiga sabab bo‘lgan.

EFA rahbari nafaqat bosh hakam, balki videoyordamchi hakamlar (VAR) guruhi faoliyati yuzasidan ham tekshiruv o‘tkazishni talab qildi. 

Assotsiatsiya fikricha, hakamlar jamoasi qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘ygan, bahsli vaziyatlarni ko‘rib chiqishdan muntazam ravishda bosh tortgan. Xususan, hisobga olinmagan gol va belgilanmagan penalti bo‘yicha qarorlar e’tirozlarga sabab bo‘lgan.

Hani Abu Rida Fransua Letekse va uning hakamlar brigadasini Jahon chempionatidagi keyingi o‘yinlardan chetlatishni talab qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hakamlar chiqargan qarorlar Misr milliy terma jamoasiga nisbatan “kamsitish” sifatida baholanishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Argentina chorak finalda Shveysariyaga qarshi maydonga tushadi. Ushbu uchrashuv joriy yilning 12 iyul kuni bo‘lib o‘tadi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing