Mirziyoyev yangi qurilgan aeroportni borib ko‘rdi
Jamiyat
−
27 avgust 29114 2 daqiqa
Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 27 avgust kuni “Toshkent-Sharqiy” aerodromi negizida qurib bitkazilgan yangi aeroportni borib ko‘rdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Aeroportning qurilishi 2017 yilda boshlangan edi. Uning umumiy maydoni 561 gektardan iborat. Endilikda 4 kilometr uzunlikdagi uchish-qo‘nish yo‘lagi va 3 ta harakatlanish yo‘li yangilanib, eng og‘ir samolyotlarni ham qabul qilish quvvatiga ega bo‘ldi. 20 ta samolyotga mo‘ljallangan perron barpo etildi. Boeing 787, A 320 kabi samolyotlar, biznes-jetlar hamda vertolyotlar uchun angarlar qurildi. Prezident matbuot xizmatining yozishicha, bu ularning qishda iliq, yozda salqin saqlanishi va xavfsizligini ta’minlaydi.

Aeroportda VIP va CIP terminallar bunyod etilgan. Oliy martabali mehmonlar zalida rasmiy kutib olish, muzokaralar va brifing o‘tkazish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Soatiga 100 yo‘lovchini qabul qilish quvvatiga ega CIP terminalida do‘kon va ovqatlanish joylari bo‘ladi.
Qayd etilishicha, aeroport ICAO III-A toifasidagi ilg‘or radiotexnika va meteorologiya uskunalari bilan jihozlanadi. Bu noqulay ob-havo sharoitlarida ham uchish va qo‘nish imkonini beradi.
Xabarda aytilishicha, yangi aeroport qulay joylashuvi tufayli poytaxt va Yangi Toshkent shahri uchun muhim transport xabiga aylanadi. Xalqaro tashriflar va ishbilarmonlik safarlarini amalga oshirish imkoniyatlari kengayadi, xorijiy investorlar uchun sharoitlar yaxshilanadi. Natijada iqtisodiy aloqalar va xizmat ko‘rsatish sohasi yanada rivojlanib, yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Aeroportni ko‘zdan kechirar ekan, Prezident Mirziyoyev shunday dedi:
“Ko‘p yil tayyorgarlik qilib, mana shunday aeroport qurdik. Bu ham davlatchilikning yana bir zamini. Bu yerda yurtimizga keladigan mehmonlar va samolyotlarga yuqori darajada xizmat ko‘rsatiladi. Natijada Toshkent xalqaro aeroportiga yuklama yengillashadi. Xudo xohlasa, u aeroport uchun ham boshqa joyda ulkan majmua qurishni rejalashtirganmiz. Umuman, hamma hududlarimizda katta-katta loyihalarni boshlaganmiz. Ilohim, tinchligimizga ko‘z tegmasin, yangi inshootlar, farovonlik xalqimizga buyursin”.
Eslatib o‘tamiz, Jizzax viloyatining Arnasoy tumanida yangi aerodrom qurilgandi. Aerodrom Aydarko‘l bo‘yida joylashgan. Yangi yo‘lakni birinchi bo‘lib CASA C295W harbiy transport samolyoti sinab ko‘rdi. Aerodrom kelajakdagi kurort majmuasi uchun transport markaziga aylanib, hududni sayyohlar uchun ochilishi va bu yerga safarni maksimal darajada ko‘payishi kutilmoqda.
Live
Barchasi