Mirziyoyev Melonining Ukraina bo‘yicha pozitsiyasini olqishladi
Jamiyat
−
30 may 10762 2 daqiqa
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Italiya Bosh vaziri Jorjiya Melonining Ukraina atrofidagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal etish uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarni tezroq boshlash bo‘yicha faol diplomatik sa’y-harakatlarini olqishlashini bildirdi. Bu haqda u bugun, 30 may kuni “Markaziy Osiyo – Italiya” sammitida so‘z ochdi.
Mirziyoyevning bildirishicha, xalqaro kun tartibida o‘zaro muvofiqlashtirish va kelishilgan yondashuvlarni talab etadigan bir qator dolzarb masalalar mavjud.
“Italiya Bosh vaziri, hurmatli Meloni xonimning Ukraina atrofidagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal etish uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarni tezroq boshlash bo‘yicha faol diplomatik sa’y-harakatlarini olqishlaymiz. Sizning Yaqin Sharq muammosi va Afg‘oniston bilan hamkorlik istiqbollariga oid qarashlaringiz uchun minnatdorlik bildiraman. Kecha Samarqandda biz bu nozik masalalarni batafsil muhokama qildik va yondashuvlarimiz o‘xshash ekanini qayd etdik”, deydi O‘zbekiston Prezidenti.
Shuningdek, Mirziyoyev terrorizm, ekstremizm, radikalizm, narkotrafik va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashishda ko‘p tomonlama formatlarda ishchi mexanizmlarni va maxsus xizmatlar o‘rtasida axborot almashishni yo‘lga qo‘yishni taklif etgan.
Ma’lumot uchun, Meloni Ukrainani harbiy va siyosiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashni davom ettirmoqda. Xususan, u Ukrainaga NATO a’zoligini bermasdan, unga NATOning 5-moddasiga o‘xshash xavfsizlik kafolatlarini taqdim etish rejasini ilgari surmoqda. Bu taklif Yevropa va AQSH orasida muhokama qilinmoqda. Shuningdek, Meloni AQSH Prezidenti Donald Trampning Vatikan vositachiligida Ukraina-Rossiya tinchlik muzokaralarini o‘tkazish taklifini ijobiy baholadi va Italiya bu jarayonda vositachilik qilishga tayyorligini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, ayni damda Shavkat Mirziyoyev Qozog‘istonning Ostona shahrida o‘tayotgan “Markaziy Osiyo – Italiya” sammitida ishtirok etmoqda. Tadbirda mintaqa mamlakatlari yetakchilari va Italiya Bosh vaziri Jorjiya Meloni ham qatnashmoqda. Kun tartibiga muvofiq, ko‘p qirrali hamkorlikni, eng avvalo “yashil” iqtisodiyot, investitsiyalar, innovatsiyalar, fan va ta’lim sohalarida yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Qayd etish joiz, Jorjiya Meloni joriy yilning 28 may kuni rasmiy tashrif bilan Samarqandga kelgandi. Samarqand xalqaro aeroportida Bosh vazirni shaxsan Prezident Mirziyoyev kutib olgan. Shundan so‘ng yetakchilar Registon maydoni va “Silk Road Samarkand” xalqaro turizm markazidagi “Boqiy shahar” tarixiy-etnografik bog‘ida bo‘ldi. Qolaversa, Samarqand shahrida 29 may kuni Jorjiya Melonini rasmiy kutib olish marosimi ham bo‘lib o‘tdi va Meloni Samarqand shahridagi Kongress markazida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuv ham o‘tkazdi.
Live
Barchasi