Mirziyoyev mebel xomashyosi uchun bojni kamaytirishga rozi bo‘ldi

Jamiyat

image

Prezident Shavkat Mirziyoyev mebel tannarxini pasaytirish uchun furnitura, aksessuar, bo‘yoq, kley, DSP kabi xomashyoga bojni kamaytirishga rozi bo‘ldi. Bu haqda bugun, 26 may kuni Prezident raisligida o‘tayotgan mahalliy sanoatni rivojlantirish bo‘yicha kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Bildirilishicha, mebel tannarxida import xomashyo ulushi 50-60 foizni tashkil qilmoqda. Ishlab chiqaruvchilar tannarxni pasaytirish uchun furnitura, aksessuar, bo‘yoq, kley, DSP kabi xomashyoga bojni kamaytirishni so‘ragan.

“Milliy mahsulotlarimiz raqobatbardosh bo‘lishi uchun bunga rozilik beraman”, dedi Prezident.

Mutasaddilarga 14 turdagi xomashyo, furnitura, aksessuar uchun 3 yil muddatga import bojini 1 foiz etib belgilash bo‘yicha qaror loyihasini kiritish topshirildi. Shuningdek, mebel uchun yog‘och va yog‘och materiallarini markazlashgan holda olib kelish yo‘lga qo‘yiladi.

Qayd etilishicha, o‘tgan yilning o‘zida mebelsozlik yo‘nalishida 920 ta yangi korxona ish boshlagan. Sohada 6 trillion 700 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan.

Mebel mahsulotlarining 25-30 foizi xonadonlarda tayyorlanyapti. Uydagi ishlab chiqarishdan sanoat bosqichiga o‘tishga intilayotgan mebelsozlar ko‘p. Shu bois, yakka tartibdagi tadbirkorlarga 5 nafargacha ishchi olib, mebel ishlab chiqarishga ruxsat beriladi. Ushbu faoliyatni boshlash, kengayish istagida yurgan yosh tadbirkorlarga 7 yilga 5 milliard so‘mgacha 18 foizli kredit ajratiladi.

Oltinko‘l va Xonqadagi “Mebelchilik markazi”da 100 dan ziyod korxona zamonaviy uskunalar o‘rnatib, mebel ishlab chiqarmoqda. Oldin uyidagi tor joyda mebel yasagan tadbirkorlar hozir yaxlit kompleksga joylashib, klaster tizimida ishlayapti. Sharof Rashidov, Yangi Namangan, Pastdarg‘om, O‘rtachirchiq, Quva, Buvayda, Yunusobod va Uchtepada ham Xonqa tajribasi asosida mebelchilik markazlarini ishga tushirish topshirildi.

O‘tgan yili mebel eksporti 20 million dollarga yetgan. Sifat, dizayn va brendga e’tibor qaratilsa, mavjud quvvatlarning o‘zida eksport hozirgidan 10 karra oshishi mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi. Shu bois mebelchilarga xalqaro sertifikat olish xarajati hamda xorijdan jalb qilingan dizayner, marketolog, injener-texnologlar ish haqining yarmi qoplab beriladi.

Xalqaro ko‘rgazmalarda ijara puli kompensatsiya qilinadigan maydon hozirgi 20 kvadratdan 40 kvadrat metrga oshiriladi. Mutasaddilarga malakali mutaxassislarni jalb qilib, yiliga 1 ming nafar mebel ustalarini zamonaviy ko‘nikmalarga o‘qitishni yo‘lga qo‘yish topshirildi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev boj mebel'

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing