Mirziyoyev Xivadagi mahallada bo‘lib, aholining yashash sharoiti bilan tanishdi

Jamiyat

image

Prezident Shavkat Mirziyoyev Xorazm viloyati Xiva tumanidagi "Istiqlol" mahallasida bo‘lib, aholining yashash sharoiti bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, "Istiqlol" mahallada 3 ming 200 nafarga yaqin aholi yashaydi. Bu yerda 10 ta ishlab chiqarish korxonasi, 30 ga yaqin xizmat ko‘rsatish shoxobchasi, yondosh hududda fermer xo‘jaliklari mavjud. Odamlar asosan tadbirkorlik va dehqonchilik bilan shug‘ullanadi.

Mahalla faollari Prezidentga odamlarning turmush tarzi, daromadi, yoshlarning muvaffaqiyati haqida so‘zlab berdi. Mahallada ishsiz aholini doimiy va mavsumiy ishlarga joylashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ijtimoiy daftarlarga kiritilgan fuqarolar bilan individual ishlash tizimi samara bermoqda. Ishsizlarga dehqonchilik uchun yer berish tajribasining Xorazm uchun ahamiyati kattaligi aytilgan.

O‘zbekiston Prezidentining 2023 yil 21 dekabrdagi farmoniga muvofiq, mahalla institutining jamiyatda va aholi muammolarini hal etishda birinchi bo‘g‘in sifatidagi roli oshirildi. Mahalla raisi, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi, profilaktika inspektori, soliqchi va ijtimoiy xizmat xodimidan iborat “mahalla yettiligi” tashkil etilgan.

Ushbu tizim vakillari bilan muloqotda xalqni rozi qilishda mahalla tizimidagi samarali faoliyat, hamjihatlik muhimligi qayd etildi. Bunda quyi bo‘g‘indagi davlat vakillari o‘zlariga berilgan vakolatdan foydalanib, odamlarni rozi qilishi kerakligi ta’kidlandi.

Viloyatda ishsizlikni kamaytirish, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash orqali yangi ish o‘rinlari yaratish doimiy vazifa ekani qayd etilgan.

Prezident mahallada yashovchi Sobirjon Matjonov xonadoniga tashrif buyurdi. Oila boshlig‘i qishloq xo‘jaligi ilmini yaxshi biladi. Xonadon sohiblari mo‘’jazgina tomorqada issiqxona qurib, qulupnay yetishtiradi. Shuningdek, uy sharoitida baliqchilikni yo‘lga qo‘ygan. Parvarish qilinayotgan parranda – yuzdan ortiq tovuq, mingga yaqin bedana oilaga qo‘shimcha daromad keltirmoqda.

Suhbatda aholini tadbirkorlikka jalb etish, yoshlarni mehnatga o‘rgatib, kasb berish muhimligi, buning uchun davlat tomonidan barcha shart-sharoitlar yaratilishi ta’kidlandi.


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Shavkat Mirziyoev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing