Mirziyoyev Xalqaro tinchlik mukofotiga nomzod etib ko‘rsatildi
Jamiyat
−
06 avgust 6497 2 daqiqa
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov va Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon Lev Tolstoy nomidagi Xalqaro tinchlik mukofotiga nomzod sifatida ko‘rsatildi. Bu haqda TASS xabar berdi.
Qayd etilishicha, ushbu tashabbus Rossiya Tinchlik jamg‘armasi tomonidan ilgari surilgan bo‘lib, ularning xalqaro huquq ustuvorligi asosida barqaror xavfsizlikni ta’minlash, ko‘p qutbli dunyo qurish, xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv va hamkorlikni mustahkamlashdagi hissasiga baho sifatida e’tirof etilgan.
Jamg‘arma rahbari, Rossiya Davlat dumasining xalqaro ishlar qo‘mitasi raisi Leonid Slutskiy bu nomzodlik haqida mukofot hay’ati a’zolariga xat yo‘llagan. Unda u 2025 yil 31 mart kuni Xo‘jandda o‘tkazilgan tarixiy sammitda imzolangan hujjatlar – O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston chegaralarining tutash nuqtasi haqidagi shartnoma mintaqaviy barqarorlik va taraqqiyotga xizmat qilishini qayd etgan.
Slutskiy, shuningdek, bu uch liderning sa’y-harakatlari tufayli Yevroosiyo hududida xavfsizlik ta’minlanayotgani, Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida vizasiz makon yaratish va mintaqaning turizm salohiyatini oshirish bo‘yicha muloqot davom etayotganini bildirgan.
Ma’lumot uchun, ushbu mukofot urush xavfini bartaraf qilish, xalqaro huquq ustuvorligi asosida teng xavfsizlikni ta’minlash, qurollanish poygasini to‘xtatish, ko‘p qutbli va zo‘ravonlikdan xoli dunyo barpo etish, inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish yo‘lidagi faoliyat uchun beriladi.
2024 yilda ushbu mukofot ilk bor Afrika Ittifoqiga topshirilgan. Uni Ittifoq nomidan Komissiya raisi Musa Faki Mahamat qabul qilgan.
Mukofot hay’atiga BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zolari, BRICS, SHHT va “Katta yigirmalik” davlatlaridan taniqli jamoat arboblari kiradi. Ular orasida fransuz jamoatchilik arbobi Per de Goll, Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyoni o‘rganish bo‘yicha Xitoy assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Venfey Lyu, Afrika Milliy Kongressi milliy ijroiya qo‘mitasi a’zosi, Janubiy Afrika Respublikasi Milliy assambleyasi deputati Lindive Sisulu bor.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Birlashgan Millatlar Tashkilotining Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha uchinchi konferensiyasi doirasida Shavkat Mirziyoyevga Turkmanistonning “Hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun” ordeni berilgan edi.
Live
Barchasi