Mirziyoyev kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazmoqda
Jamiyat
−
15 may 2023
6812Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlashda yangi bosqichga o‘tish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi boshlandi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar qildi.
Urg‘ulanishicha, oxirgi uch yilda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha alohida tizim joriy qilinib, moliyaviy instrumentlar, infratuzilma masalalari hal qilindi. Joriy yil boshida tumanlar 5 ta toifaga ajratilib, har biriga sharoitiga qarab yengilliklar berildi.
Qayd etilishicha, har yili oilaviy tadbirkorlikka 13 trillion so‘m kredit va 1,5 trillion so‘m subsidiyalar ajratilmoqda. Natijada o‘tgan yili 1 million nafar, 2023 yilning birinchi choragida 210 ming aholi kambag‘allikdan chiqarilgan.
Keltirilishicha, “Uchta daftar” va Ijtimoiy himoya reyestri orqali 2 million 300 ming muhtoj oilalar, xotin-qizlar, yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan aholi qatlami moddiy yordam bilan to‘liq qamrab olingan.
“Har yili 100 mingta zamonaviy korxona ishga tushmoqda. Ularga 300-400 ming malakali mutaxassis kerak. Shuningdek, xususiy sektorda yiliga 200 mingta bo‘sh ish o‘rni paydo bo‘lmoqda. Lekin kasb-hunar maktablari, kollej, texnikum va monomarkazlarda buncha malakali mutaxassisni tayyorlashga salohiyati hali yetarli emas”, deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, oxirgi besh yilda tadbirkorlar soni 285 mingdan 590 mingtaga ko‘paygan. Bu esa bitta tumanda 2,5 mingdan ortiq yoki bir mahallada 50 nafardan tadbirkorlar sinfi shakllandi degani.
Shuningdek, ushbu yig‘ilishda Prezident joylarda tadbirkorlar bilan manfaatli hamkorlik qilinib, ular qo‘llab-quvvatlansa, tumanda, mahallada bandlik masalasini hal qilish uchun imkoniyatlar yanada ko‘payishini ta’kidlagan.