Milliy kutubxona ortidagi yashil hududda avtoturargoh quriladi
Jamiyat
−
18:09 454 2 daqiqa
Toshkent shahridagi Milliy kutubxona ortida avtoturargoh qurilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda poytaxt hokimi tomonidan joriy yilning 14 sentyabr kuni qabul qilingan “Toshkent shahrida soddalashtirilgan tartibdagi davlat-xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorda so‘z boradi.
Unga ko‘ra, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi ortidagi 1,3 gektar hududda tartibli avtoturargoh tashkil etish hamda jamoat makonini obodonlashtirish loyihasini amalga oshirish rejalashtirilmoqda.
Toshkent shahrida Yo‘l harakatini tashkil etish markaziga ko‘ra, davlat-xususiy sheriklikning majburiy shartlaridan biri hududdagi mavjud daraxtlar va piyodalar uchun ajratilgan maydonlarni saqlab qolish.
“Avtoturargoh mavjud landshaftga uyg‘un tarzda joylashtiriladi. Bunda hudud ichidagi va uning perimetri bo‘ylab joylashgan daraxtlar saqlab qolinadi. Avtoturargoh tashkil etish uchun daraxtlarni kesish ko‘zda tutilmagan. Aksincha, loyiha doirasida hududni qo‘shimcha ko‘kalamzorlashtirish rejalashtirilgan. Shuningdek, ushbu hududda kapital qurilish ishlari ham nazarda tutilmagan”, deyiladi rasmiy munosabatda.
Bildirilishicha, avtoturargoh joylaridan tashqari, texnik shartlarda piyodalar va velosiped yo‘laklari, dam olish hududlari, qo‘shimcha ko‘kalamzorlashtirish, bolalar va vorkaut maydonchalari, yengil konstruksiyalardan iborat sport ob’ektlari, sanitariya xonalari, videokuzatuv tizimi, bo‘sh avtoturargoh joylari haqida ma’lumot beruvchi elektron tablolar hamda zamonaviy to‘lov tizimini tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Yer uchastkasini elektron auksionga chiqarish rejalashtirilmoqda. Ob’ektdan 10 yil muddatga foydalanish huquqini qo‘lga kiritadigan xususiy sherik belgilangan investitsiya majburiyatlarini bajarishi, shuningdek, hududni saqlash, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirishni ta’minlashi lozim bo‘ladi. Davlat-xususiy sheriklik shartlariga muvofiq, avtoturargoh xizmatidan tushadigan mablag‘larning 20 foizi shahar byudjetiga yo‘naltiriladi.
“Loyihaning maqsadi shahar markazidagi avtomobillar sonini ko‘paytirish emas, balki mavjud transport oqimini tartibga solish va jamoat hududlarini tartibsiz avtoturargohlardan xoli qilishdir. Shu bilan birga, hudud o‘zining jamoat uchun mo‘ljallangan funksiyasini saqlab qoladi. Maxsus va tezkor xizmat transport vositalarining hududga kirishi bepul bo‘ladi”, deyiladi Toshkent shahrida Yo‘l harakatini tashkil etish markazi munosabatida.
Shartnoma shartlariga ko‘ra, shahar hokimiyati talabi bilan avtoturargoh hududi bayramlar, festivallar va boshqa ommaviy tadbirlarni o‘tkazish uchun taqdim etilishi lozim. Hududdan bunday maqsadlarda foydalanishning umumiy muddati yiliga 60 kungacha bo‘lishi mumkin.
“Loyihani amalga oshirishda shaharning prinsipial pozitsiyasi — Toshkent markazining ushbu qismidagi mavjud transport yuklamasini tartibga solish bilan birga, yashil hududlar va piyodalar makonini to‘liq saqlab qolishdir. Avtoturargoh infratuzilmasi mavjud landshaftga uyg‘un tarzda – piyodalar, yashil hududlar va ushbu maydonning jamoat funksiyasiga zarar yetkazmagan holda tashkil etilishi lozim”, deyiladi rasmiy idora xabarida.
Live
Barchasi