Milliardlar kerak: Rog‘un loyihasidagi moliyaviy qiyinchiliklar tan olindi

Olam

image

Rog‘un GESi kabi yirik loyihani xalqaro banklar, xorijiy davlatlar va jamg‘armalarning moliyaviy qo‘llab-quvvatlashisiz amalga oshirishning imkoni yo‘q. Bu haqda kecha, 22 iyul kuni Tojikiston Moliya vaziri Fayziddin Qahhorzoda Dushanbeda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida so‘z ochdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, davlat byudjeti qurilishning barcha xarajatlarini qoplay olmaydi. Shu sababli hukumat grantlar, uzoq muddatli imtiyozli kreditlar va boshqa tashqi mablag‘larni jalb qilmoqda.

Ilgari Tojikiston rasmiylari Rog‘un GES qurilishini tugallash uchun 6,2 milliard dollar talab etilishini ma’lum qilgan. Biroq 2024 yilda “S&P Global Ratings” xalqaro reyting agentligi loyihani 2035 yilgacha yakunlash uchun qolgan xarajatlarni 6,4 milliard dollarga baholagan.

Qahhorzoda stansiyaning yakuniy qiymati hozircha aniqlanmaganini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, aniq summani faqat barcha qurilish ishlari yakunlangach aytish mumkin bo‘ladi. U xarajatlarga inflyatsiya, materiallar va uskunalar narxining o‘zgarishi, murakkab geologik sharoitlar, xavfsizlik bo‘yicha qo‘shimcha talablar va loyihani dastlabki baholashda to‘liq nazarda tutish imkonsiz bo‘lgan boshqa holatlar ta’sir qilishini urg‘ulagan.

Shu bilan birga, ilgari e’lon qilingan raqamlar Rog‘un GESning qurilish boshlanganidan beri bo‘lgan to‘liq qiymatini emas, balki loyihani yakunlash uchun hali kerak bo‘ladigan mablag‘lar taxminini anglatadi.

Vazir hukumat xalqaro hamkorlar bilan taxminan 1,5 milliard dollarlik moliyalashtirish bo‘yicha kelishuvlar tuzganini qayd etgan. Ushbu summaning 650 million dollari qaytarib berilmaydigan grantlar, qariyb 867 million dollari esa kreditlardir.

Qahhorzoda dastlab Rog‘un GES qurilishi uchun davlat byudjetidan 4,5 milliard somoni ajratish nazarda tutilganini bildirgan. Shundan yilning birinchi yarmida qariyb 4 milliard somoni ajratib bo‘lingan. Byudjetning daromad qismi oshig‘i bilan bajarilgani evaziga loyihani moliyalashtirish hajmini taxminan 7 milliard somonigacha oshirish rejalashtirilmoqda.

Kim qancha beradi?

Fayziddin Qahhorzodaning so‘zlariga ko‘ra, Tojikiston hukumati xalqaro hamkorlar bilan Rog‘un GESni moliyalashtirish bo‘yicha taxminan 1,5 milliard dollarlik bitimlar tuzgan. Ushbu summaning 650 million dollari grantlar, ya’ni qaytarilmaydigan mablag‘lar bo‘lsa, 867 million dollar atrofidagi qismi imtiyozli kreditlardir.

Vazir Jahon banki allaqachon 30 million dollar o‘tkazib berganini ma’lum qilgan. Bundan tashqari, ikkita transh doirasida 136,4 million yevro kelib tushgan: birinchisi 48,7 million yevro, ikkinchisi 87,7 million yevroni tashkil etdi.

Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki 120 million dollar, Qatar taraqqiyot jamg‘armasi esa 25 million dollar ajratgan. Islom taraqqiyot banki o‘z shartnomasi umumiy summasining 5 foizi miqdorida avans o‘tkazib bergan.

Qatar va Saudiya taraqqiyot jamg‘armalari Tojikiston tomoni tegishli qurilish ishlari bajarilganini tasdiqlovchi to‘lov sertifikatlarini taqdim etganidan so‘ng ko‘zda tutilgan mablag‘larni o‘tkazishga tayyor. Vazir ushbu jamg‘armalardan kelib tushishi kerak bo‘lgan aniq summani ochiqlamagan.

Italiyaning “Cassa Depositi e Prestiti” kompaniyasi bilan 150 million yevrolik alohida bitim imzolangan. Mablag‘lar 3A loti bo‘yicha ishlarni bajarishga mo‘ljallangan. Kompaniya missiyasi loyiha bilan joyida tanishish uchun ertaga, 24 iyul kuni Tojikistonga kelishi kerak.

Bir vaqtning o‘zida hukumat Yevropa investitsiya banki bilan 3A lotini moliyalashtirish uchun 500 million yevro jalb qilish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Qahhorzodaning so‘zlariga ko‘ra, muzokaralar yakuniy bosqichda, hozirda bank rahbariyatining qarori kutilmoqda.

Osiyo taraqqiyot banki bilan yana 500 million dollar atrofida mablag‘ jalb qilish muhokama qilinmoqda. 250–300 million dollar o‘ta imtiyozli shartlardagi kredit ko‘rinishida, qolgan qismi esa grant shaklida berilishi nazarda tutilgan. Hukumat yil oxirigacha zarur protseduralarni yakunlamoqchi.

Yevropa Ittifoqi ham 50 million yevro miqdorida grant ajratish niyatida. Shundan 40 million yevroga yaqinini Yevropa investitsiya banki krediti bo‘yicha foiz stavkasini pasaytirishga, 10 million yevroni esa Rog‘un suv ombori ostida qoladigan qishloqlar aholisini ko‘chirish bilan bog‘liq masalalarni hal qilishga yo‘naltirish rejalashtirilmoqda.

Faktik jihatdan kelib tushgan mablag‘lar haqidagi aniqroq ma’lumotlar, vazirning so‘zlariga ko‘ra, to‘lov hujjatlari taqdim etilgach, to‘qqiz oy yakunlari bo‘yicha ma’lum bo‘ladi.

Uskunalarning katta qismi uchun to‘lov qilingan

Qahhorzodaning so‘zlariga ko‘ra, hozirgacha Rog‘un GES uchun asosiy uskunalarni tayyorlash qiymatining qariyb 70 foizi to‘lab berilgan. U gap, eng avvalo, turbinalar va gidroagregatlar haqida ketayotganini aniqlashtirgan.

Moliya vazirligi rahbari mablag‘larning qolgan qismi uskunalar tayyorlanishi va kelishuvlarda nazarda tutilgan shartlar bajarilishiga qarab o‘tkazib borilishini qayd etgan. U xalqaro moliya tashkilotlari mablag‘larni transhlar bilan ajratishini va moliyalashtirishning navbatdagi qismini olish uchun Tojikiston qurilishning muayyan bosqichini yakunlashi, hisobot taqdim etishi va hamkor talablari bajarilganini tasdiqlashi kerakligini tushuntirgan.

Vazir ayrim to‘lovlar to‘g‘onning loyihaviy balandligiga erishilishi, uskunalarning tayyorlanishi va shartnomalarda nazarda tutilgan boshqa ishlarning yakunlanishiga bog‘liq ekanini ta’kidlagan.

Qahhorzoda Rog‘un GES qurilishini moliyalashtirish uchun Tojikiston yevrobondlar (yevroobligatsiyalar) chiqarganini eslatib o‘tgan. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, hozirgacha mamlakat yevrobondlar bo‘yicha 200 million dollarlik majburiyatlarini uzgan.

Moliya vazirligi rahbari 100 million dollar miqdoridagi navbatdagi to‘lov 2026 yil 20 sentyabrda amalga oshirilishi kerakligini ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, buning uchun zarur mablag‘lar allaqachon tayyorlab qo‘yilgan.

“Sentyabr oyida 100 million dollar to‘lashda bizda hech qanday muammo yo‘q. Tayyorgarlik ishlari allaqachon o‘tkazilgan”, deydi Qahhorzoda.

U yevrobondlar bo‘yicha yana 100 million dollarni 2027 yilning aprel oyida to‘lash rejalashtirilganini qo‘shimcha qilgan.

Loyiha qiymati oshishi mumkin

Qahhorzoda Rog‘un GES murakkab geografik va muhandislik sharoitda qurilayotganini qayd etgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, asosiy to‘g‘on xavfsizligini ta’minlash uchun qo‘shimcha ishlar talab etilishi mumkin. Vazir xalqaro ekspertlar qo‘shimcha himoya to‘g‘oni qurish imkoniyatini ko‘rib chiqishayotganini ma’lum qilgan.

Qahhorzodaning aytishicha, to‘g‘on sel oqimlari, daryo o‘zaniga ehtimoliy ta’sir va qurilish tunnellari chiqish joylaridagi suv harakati bilan bog‘liq xavflarni kamaytirishi kerak. Ushbu choralarni amalga oshirish katta mablag‘ talab qilishi mumkin. Shu bilan birga, uning so‘zlariga ko‘ra, hukumat qurilish qiymati haddan tashqari oshib ketmasligidan manfaatdor.

Qahhorzoda loyiha xavfsizligi asosiy ustuvor vazifa bo‘lib qolayotganini ta’kidlagan.

“Hukumat uchun Rog‘un GESning nafaqat iqtisodiy barqarorligi, balki uning texnik va ekologik xavfsizligi ham muhimdir”, deydi u.

Vazir xavfsizlik masalalari, jumladan, daryo oqimi bo‘ylab pastda joylashgan mamlakatlarning talablari va manfaatlari bilan ham bog‘liqligini qayd etgan. U xalqaro ekspertlar, shuningdek, Rog‘un GES, kaskaddagi boshqa stansiyalar va aholining ehtimoliy favqulodda vaziyatlarga tayyorligini baholayotganini ta’kidlagan. Shu sababli stansiya qurilishi bilan bir vaqtda xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha ishlar ham olib borilmoqda.

Rog‘un GES

Rog‘un GES Tojikistonning eng yirik energetika loyihasidir va u Vaxsh daryosida joylashgan. GES qurilishi dastlab 1976 yilda boshlangan, biroq SSSR parchalangach, to‘xtatilgan edi.

2016 yilda loyiha qayta tiklandi va u mamlakatning energetika siyosatida ustuvor yo‘nalishga aylandi.

Qurilish yakunlangach, Rog‘un GES Markaziy Osiyodagi eng yirik GES bo‘lib, 3600 MVt quvvatga ega bo‘ladi.

Tojikiston 2018 yildan buyon O‘zbekistonga elektr energiyasini, asosan vegetatsion mavsumda, ikki tomonlama kelishuvlar asosida yetkazib kelmoqda.

Yangi shartnoma ikki davlatning Markaziy Osiyo umumiy energiya tizimi doirasida chuqur energetik integratsiyaga intilayotganini aks ettiradi va butun mintaqada barqaror energiya ta’minotini ta’minlash uchun asos yaratadi. 

Qayd etib o‘tish joizki, ushbu GESning qad rostlashiga O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov qat’iy qarshilik bildirgan. Karimov bu loyiha haqida bir necha bor tanqidiy chiqishlar ham qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tojikiston va O‘zbekiston hukumatlari Rog‘un GESdan 20 yil davomida elektr energiyasi yetkazib berish bo‘yicha kelishuvga erishdi. 


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing