“Messiparast” o‘g‘ri Ronalduning uyini o‘margani haqida aytib berdi

Sport

image

Ispaniyaning “El Espanol” nashri 20 yildan ortiq vaqt mobaynida mashhur insonlarning uylariga o‘g‘irlikka tushgan kosovo-alban guruhi rahbari Alberto  bilan suhbatni chop etdi. Albertoning guruhida jami 100 dan ortiq odam mavjud bo‘lib, “soha vakillari” ko‘plab futbolchilar, xususan, Krishtianu Ronaldu, Karim Benzema va Yoxan Kroyffning uylarini tunagan.

“Men Yoxan Kroyffning Barselonadagi uyiga o‘g‘irlikka tushganman. U yerdan Dennis Bergkampning soati, Hermes'ning bir nechta buyumlari va 20 ming yevrolik kubokni o‘marganman. Kroyffning uyida na videokuzatuv kameralari, na signalizatsiya bor edi. Uyga kirganimdan keyingina bu yerda Yoxan Kroyff yashashini bilganman”, deydi Alberto.

Shuningdek, jinoiy guruh rahbari Madeyradagi Krishtianu Ronalduning uyiga ham o‘g‘irlikka tushganini hikoya qildi.

Ma’lum bo‘lishicha, o‘g‘rining portugaliyalik futbolchining uyidagi “ovi” baroridan kelmagan.

Shuningdek, Alberto o‘z sohasiga oid ayrim nozik sirlarni ham oshkor qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘g‘rilarga zarur ma’lumotlar “qurbonlar”ga yaqin odamlar tomonidan taqdim etiladi. Mukofot sifatida “qadrdonlar”ga o‘ljaning 30 foizi beriladi.

“Ijtimoiy tarmoqlar mashhurlar uchun birinchi raqamli dushmandir. Agar kimdir menga ma’lumotlarni aytmasa, Ispaniyada hech qanday o‘g‘rilikni amalga oshira olmayman. Ma’lumot berib turadigan odamlar men uchun qadrlidir. Bizga yordam beradigan kishilar “qurbonlar”ni yaqindan biladigan odam, ularning xizmatkori va hatto do‘sti bo‘lishi mumkin”, deydi Alberto.

Bundan tashqari, o‘g‘ri argentinalik futbolchi Lionel Messi PSJda o‘ynab yurgan vaqtida uning Kataloniyadagi uyini o‘g‘irlashdan bosh tortganini aytdi. Jinoyatchi Messini hurmat qilishi sababli uning mulkiga tegmagan.

“Messini tunamoqchi bo‘lganlarni bir necha bor to‘xtatdim va bundan faxrlanaman. Hujumchini hurmat qilganim uchun uning boyligiga "ko‘z olaytirmaganman“, deydi o‘g‘rilar boshlig‘i.


Maqola muallifi

Teglar

Krishtianu Ronaldu Karim Benzema Yoxan Kroyff

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing