Messi rekord sari yuradi: ikkinchi turning eng muhim 4 uchrashuvi

Sport

image

Bugun, 2026 yilgi Jahon chempionatida guruh bosqichining ikkinchi tur uchrashuvlari boshlanmoqda. Dastlabki turda o‘z kuchini namoyish etgan favoritlar keyingi bosqich yo‘llanmasi sari yana bir muhim qadam tashlash imkoniyatiga ega bo‘lsa, omadsiz start olgan jamoalar uchun har bir ochko hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

Navbatdagi o‘yinlar orasida Argentina – Avstriya, Fransiya – Iroq, Norvegiya – Senegal hamda Iordaniya – Jazoir qarama-qarshiliklari bo‘lib o‘tadi. Lionel Messi navbatdagi tarixiy rekord ostonasida turgan bo‘lsa, Kilian Mbappe Fransiya bilan pley-off yo‘llanmasini muddatidan avval hal qilishni ko‘zlamoqda.

Shu bilan birga, Senegal, Iroq, Iordaniya va Jazoir kabi jamoalar uchun mazkur tur taqdirni hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin.


Argentina – Avstriya

Bugungi, 22 iyun kungi uchrashuvlarni boshlab beradigan bahs Toshkent vaqti bilan soat 20:00 da start oladi. Argentina terma jamoasi mundialni ishonchli tarzda boshladi va birinchi turda Jazoirni 3:0 hisobida mag‘lub etdi. Bu g‘alaba Lionel Skaloni shogirdlari uchun ketma-ket sakkizinchi muvaffaqiyat bo‘ldi va ularning turnir favoritlaridan biri ekanini yana bir bor tasdiqladi. Amaldagi jahon chempionlari mundiallardagi mag‘lubiyatsiz seriyasini yetti o‘yinga yetkazdi – besh g‘alaba va ikki durang.

Jamoa sardori Lionel Messi esa navbatdagi tarixiy rekord ostonasida turibdi. Agar u Avstriya darvozasini ishg‘ol qilsa, Jahon chempionatlari tarixidagi gollari sonini 16 taga yetkazadi va Miroslav Klozening rekordidan o‘zib ketadi. Shuningdek, Messi ketma-ket oltita mundial o‘yinida gol urgan tarixdagi uchinchi futbolchiga aylanishi mumkin.

Avstriya ham turnirni muvaffaqiyatli boshladi. Ralf Rangnik jamoasi Iordaniyani 3:1 hisobida mag‘lub etdi. Avstriyaliklar so‘nggi 12 uchrashuvning 10 tasida g‘alaba qozonib, birida durang o‘ynadi va faqat bir marta mag‘lub bo‘ldi.

Fransiya – Iroq

23 iyun kuniga o‘tar kechasi Toshkent vaqti bilan soat 00:00 da boshlanadi. Fransiya terma jamoasi birinchi turda Senegalni 3:1 hisobida mag‘lub etib, mundialni g‘alaba bilan boshladi. Uchrashuv qahramoni bo‘lgan Kilian Mbappe dubl qayd etib, milliy jamoadagi gollari sonini 58 taga yetkazdi va Fransiya tarixidagi eng yaxshi to‘purarga aylandi.

Bu natija fransuzlarning yirik xalqaro turnirlardagi ketma-ket yettinchi muvaffaqiyatli starti bo‘ldi. Endi Dide Desham shogirdlari mundialda ketma-ket to‘rtinchi marta dastlabki ikki o‘yinda ham g‘alaba qozonish imkoniyatiga ega.

Iroq esa 1986 yildan beri ilk bor Jahon chempionatida ishtirok etmoqda. Biroq qaytish muvaffaqiyatsiz kechdi – birinchi turda Norvegiyaga 1:4 hisobida imkoniyat boy berildi. Shu bois mazkur bahs arab jamoasi uchun hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

Norvegiya – Senegal

Ertaga, 23 iyun kuni Toshkent vaqti bilan soat 03:00 da boshlanadi. Bu Norvegiyaning 1998 yildan beri ilk jahon chempionati hisoblanadi. Stole Solbakken boshchiligidagi jamoa birinchi turda Iroqni 4:1 hisobida mag‘lub etib, guruh peshqadamiga aylandi. Norvegiyaliklar rasmiy uchrashuvlardagi g‘alabali seriyasini 11 taga yetkazdi va ushbu davr mobaynida raqiblar darvozasiga 50 ta gol urdi.

Senegal ustidan qozoniladigan ehtimoliy g‘alaba norvegiyaliklarni pley-off bosqichiga yanada yaqinlashtiradi va ularga yirik xalqaro turnirlarda ilk bor ketma-ket ikki g‘alabaga erishish imkonini beradi.

Senegal esa birinchi turda Fransiyaga 1:3 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Bu afrikaliklar uchun ketma-ket uchinchi g‘alabasiz uchrashuv bo‘ldi. Shunga qaramay, jamoaning yosh iqtidori Ibrohim Mbaye tarixga kirdi. U 18 yosh-u 142 kunligida mundialda gol urgan eng yosh afrikalik futbolchiga aylandi. Mutaxassislar ushbu bahsni turning eng teng va qiziqarli uchrashuvlaridan biri sifatida baholamoqda.

Iordaniya – Jazoir

Ertaga, 23 iyun kuni Toshkent vaqti bilan soat 06:00 da boshlanadi. Iordaniya uchun bu o‘z tarixidagi ilk Jahon chempionati hisoblanadi. Biroq debyut muvaffaqiyatsiz kechdi – jamoa birinchi tura Avstriyaga 1:3 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Shu tariqa, Iordaniyaning g‘alabasiz seriyasi oltita o‘yinga yetgan. Bu davrda jamoa ikki marta durang o‘ynagan va to‘rt marta mag‘lub bo‘lgan. Eng xavotirlisi, mazkur olti uchrashuvning har birida osiyoliklar kamida ikkitadan gol o‘tkazib yuborgan.

Jazoir ham birinchi turda Argentinaga 0:3 hisobida imkoniyat boy berdi. Biroq Afrika vakilida pley-off uchun kurashni davom ettirish imkoniyati saqlanib qolgan. Jazoir Jahon chempionatlaridagi so‘nggi 11 o‘yinning faqat bittasida g‘alaba qozongan bo‘lsa-da, Argentinaga qarshi bahsgacha jamoa barcha musobaqalar doirasidagi so‘nggi to‘qqiz uchrashuvning yettitasida zafar quchgan edi. Shu sababli mutaxassislar ushbu qarama-qarshilikda Jazoirni favorit sifatida ko‘rmoqda.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston milliy terma jamoasining Jahon chempionati 2-tur doirasidagi Portugaliyaga qarshi bahsi AQSHning Xyuston shahrida bo‘lib o‘tadi. Uchrashuv ertaga, 23 iyun kuni o‘tkaziladi va Toshkent vaqti bilan soat 22:00 da start oladi.


Maqola muallifi

Teglar

Frantsiya Lionel' Messi Kilian Mbappe Argentina

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing