Messi xohlasa, hali ham dunyoning eng yaxshi futbolchisi bo‘la oladi – Skaloni
Sport
−
11 iyul 2297 2 daqiqa
Argentina milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Lionel Skaloni jamoa sardori Lionel Messining 39 yoshida ham yuqori darajada o‘yin ko‘rsatayotgani uni hayratga solmasligini aytdi. Bu haqda Skaloni Shveysariyaga qarshi uchrashuv oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida so‘z ochdi.
Mutaxassisning aytishicha, Messi faoliyatini davom ettirishni istar ekan, hamon dunyoning eng yaxshi futbolchisi bo‘lib qoladi.
“Leo deyarli har bir o‘yinda bir xil hajmda harakat qiladi. U jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiy bilan katta ish olib bordi va bu o‘z samarasini berdi. U maydonda o‘z imkoniyatlarini to‘liq ishga soladi. Qachon xavf tug‘dirish mumkinligini his qilsa, haqiqiy mashinaga aylanadi”, deydi Skaloni.
Messi ushbu mundialda Misr va Avstriyaga qarshi o‘yinlarda penaltilarni aniq amalga oshira olmaganiga qaramay, Skaloni undan penalti tepish huquqini olishni hatto o‘ylamaganini bildirgan.
“Unga keyingi penaltini tepma, deb aytish xayolimga ham kelmagan. Jamoada bu vazifani bajara oladigan boshqa futbolchilar ham bor. Ammo agar Leo xohlasa, penaltini o‘zi tepadi. Maydonda u xohlagan qarorini qabul qilishi mumkin”, deydi Argentina ustozi.
Mushak jarohatidan tiklanganidan keyin oltinchi Jahon chempionatiga borgan Messining jismoniy holati haqida fikr bildirgan Skaloni uning tayyorgarligini yuqori baholagan.
Skalonining fikricha, Messining yoshi uning o‘yiniga salbiy ta’sir ko‘rsatishini kutayotganlar futbolchini yaxshi bilmaydi.
“Bu meni ajablantirmaydi. Balki uni yaxshi tanimaydiganlar 39 yoshida bunday darajada o‘ynay olmaydi, deb o‘ylashgandir. Men buni necha marta aytganimni bilmayman: agar Messi xohlasa, u hali ham eng yaxshisi bo‘ladi. Buni faqat uning murabbiyi bo‘lganim uchun aytmayapman”, deydi Skaloni.
Argentina terma jamoasi chorak finalda Shveysariyaga qarshi maydonga tushadi. Uchrashuv ertaga, 12 iyul kuni Kanzas-Siti shahrida bo‘lib o‘tadi. Agar Argentina chorak finalda Shveysariyani mag‘lub etsa, yarim finalda Angliya yoki Norvegiya terma jamoasi bilan kuch sinashadi.
Ma’lumot uchun, Messi 2026 yilgi Jahon chempionatida Argentina terma jamoasining asosiy yetakchisiga aylandi. U beshta uchrashuvda 8 ta gol urib, “Oltin butsa” uchun kurashda Fransiya hujumchisi Kilian Mbappe bilan birga kurashmoqda.
Live
Barchasi