Meksika AQSHga 26 nafar yirik narkobaronni topshirdi

Olam

image

Meksika hukumati AQSHga 26 nafar eng xavfli narkotik savdogarlarini ekstraditsiya qildi. Ular orasida dunyodagi eng yirik jinoyat tuzilmalaridan biri bo‘lgan “Jalisco Nueva Generación” (CJNG) va “Sinaloa” kartellari rahbarlari, shuningdek, obro‘li “Los Cuinis” guruhi yetakchisi Abigael Gonsales Valensiya ham bor. Bu haqda “Axios” portali xabar berdi.

Bu shaxslar tonnalab kokain, metamfetamin va boshqa narkotiklarni kontrabanda qilish, odam o‘g‘irlash, odam savdosi va ko‘plab qotilliklarda ayblanmoqda. AQSH prokurorlariga ko‘ra, ular faoliyati davomida minglab odamlarning o‘limiga bevosita yoki bilvosita sabab bo‘lgan. Deyarli barchasiga umrbod qamoq jazosi tahdid qilmoqda.

Bu Trampning ikkinchi prezidentlik muddati davridagi ikkinchi yirik ekstraditsiyadir: 2025 yil fevral oyida ham Meksika 29 ta narkotik savdogarini AQSHga bergan edi.

AQSH Prezidenti Donald Tramp kartellarni “milliy xavfsizlikka eng katta tahdid” deb atab, ularni butunlay yo‘q qilishga va’da bergan. Vashingtonda hatto kartellarga qarshi harbiy operatsiya o‘tkazish masalasi muhokama qilinmoqda.

Meksika esa bunday harbiy aralashuvni qat’iyan rad etgan bo‘lsa-da, ikki davlat hozirda narkotiklar va qurollarga qarshi keng qamrovli hamkorlik kelishuvi bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda.

So‘nggi yillarda Meksikadagi kartel zo‘ravonligi oqibatida halok bo‘lganlar soni, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 450 ming kishiga yaqinlashgan, bu esa mamlakat tarixidagi eng yirik ijtimoiy fojialardan biri sifatida baholanmoqda.

Jahongir Boltaboyev


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

AQSh Meksika narkobaron

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing