Mbappe Fransiyaning mag‘lubiyati sabablarini aytdi
Sport
−
15 iyul 7112 2 daqiqa
Fransiya terma jamoasi sardori va hujumchisi Kilian Mbappe Ispaniyaga qarshi Jahon chempionatining yarim finalida jamoasi rejalashtirgan o‘yinni namoyish eta olmaganini tan oldi. Bu haqda Mbappe o‘yindan keyingi jurnalistlarga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Bugun, 15 iyul kuni Ispaniya terma jamoasi Jahon chempionatining yarim finalida Fransiyani 2:0 hisobida mag‘lub etgan edi. G‘olib jamoa safida Mikel Oyarsabal 22-daqiqada penaltidan, Pedro Porro esa 58-daqiqada gol urdi.
“Biz texnik va taktik jihatdan rejalashtirgan o‘yinimizni ko‘rsata olmadik. Jahon chempionati yarim finalida qilinishi lozim bo‘lgan ishlarni bajarmasangiz, g‘alaba qozona olmaysiz”, deydi Mbappe.
Fransiya sardorining so‘zlariga ko‘ra, Ispaniya o‘z uslubidan voz kechmagan.
“Ispaniya o‘z o‘yin rejasiga sodiq qoldi. Ular to‘pni nazorat qilishni va o‘yin tempini boshqarishni yaxshi ko‘radi. Bizning rejamiz ularga yuqori bosim o‘tkazib, o‘z ritmini o‘rnatishiga yo‘l qo‘ymaslik edi.”
Mbappening ta’kidlashicha, fransuzlar to‘pni qaytarib olgan vaziyatlarda ham yetarlicha sifatli harakat qila olmagan.
“To‘pni qaytarib olganimizdan keyin ham birinchi teginishlarimiz talab darajasida bo‘lmadi. Bunday holatlar mag‘lubiyatga olib keladi. Bu katta umidsizlik. Ammo xolisona aytadigan bo‘lsam, bizda finalga chiqish uchun barcha zarur shart-sharoitlar mavjud emas edi”, dedi Fransiya terma jamoasi sardori.
Eslatib o‘tamiz, Jahon chempionatining ikkinchi yarim finalida bugun, 15 iyul kuni Angliya va Argentina terma jamoalari o‘zaro bahs olib boradi. Turnir finali esa 19 iyul kuni o‘tkaziladi.
Live
Barchasi