Mashhur xonanda “axloqsiz kontent” uchun 74 darra jazoga tortildi
Olam
−
19 iyun 15698 2 daqiqa
Eronlik xonanda Parastu Ahmadiy va uning konsertiga tayyorgarlikda ishtirok etgan sakkiz nafar jamoa a’zosi 2024 yilda YouTube orqali jonli efirda namoyish etilgan konserti sababli 74 darra jazoga hukm qilindi. Bu haqda “The Guardian” nashri xabar qildi.
Sud hujjatlariga ko‘ra, Qum viloyati jinoyat sudi ijodkorlarni internetda “axloqsiz va nomaqbul kontent” tayyorlash hamda tarqatish orqali jamoat odob-axloqiga zarar yetkazishda aybdor deb topgan. Hukmga muvofiq, Parastu Ahmadiy va boshqa ayblanuvchilarga 74 qamchi jazosi tayinlangan. Shuningdek, ular ikki yil muddatga mamlakatdan chiqish huquqidan mahrum qilingan va ikki yil davomida ijodiy faoliyat bilan shug‘ullanishi taqiqlangan.
Eron rasmiy sud axborot agentligi hozircha qarorni e’lon qilmagan. Biroq hujjatlarni ko‘rgan huquq himoyachilari va advokatlar bu ishni hokimiyatning madaniy muhitdagi norozilik va mustaqil fikrlarni cheklashga qaratilgan kengroq siyosati sifatida baholamoqda.
29 yoshli xonanda 2024 yil dekabr oyida “Az xune ҷavonane vatan” (“Vatan yoshlarining qonidan”) nomli vatansevarlik qo‘shig‘ini hijobsiz holda jonli efirda ijro etgan edi. Ushbu chiqish tez orada internetda ommalashib, YouTube platformasida millionlab ko‘rishlar sonini to‘plagan.
Konsert e’lon qilinganidan ko‘p o‘tmay Parastu Ahmadiy va bir necha musiqachi qisqa muddatga hibsga olingan, keyinchalik ozod qilingan. Oradan vaqt o‘tib esa, videoni tarqatish bo‘yicha rasmiy ish qo‘zg‘atilgan.
AQSHda joylashgan Eronda inson huquqlari markazining huquqiy tashabbuslar bo‘yicha rahbari Bahor G‘andehariy mazkur jazoni qattiq tanqid qilgan. Uning aytishicha, hijobsiz holda qo‘shiq kuylagani uchun xonandaga nisbatan 74 qamchi jazosining qo‘llanilishi Eronda inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyat o‘zgarmaganini yana bir bor ko‘rsatadi.
“Dadbon” huquqiy maslahat markazi advokati Muin Xazaeliy esa, bu hukm huquqiy asosga ega emasligini bildirdgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Eron jinoyat qonunchiligida ayollarning qo‘shiq aytishi, musiqa ijro etishi yoki musiqiy asarlar yaratishi jinoyat sifatida belgilanmagan. Shu sababli bunday faoliyatni “axloqsiz kontent tayyorlash va tarqatish” deb baholash mumkin emas.
Oskar mukofotiga nomzod bo‘lgan “Muqaddas anjir urug‘i” filmida suratga tushganidan keyin mamlakatni tark etishga majbur bo‘lgan aktrisa Setare Malokiy esa, Parastu Ahmadiyning chiqishi unda qarshilik ruhini yanada kuchaytirganini ta’kidlagan.
“U barcha oqibatlarni bilgan holda ham ayol sifatida yashash, qo‘shiq aytish va eshitilish huquqidan voz kechmadi. Eron ayollari zulmga qarshi kurashni hech qachon to‘xtatmaydi”, degan aktrisa.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eronlik Nobel mukofoti laureati qamoqda yurak xurujiga uchragani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi