Marokashda zilzila oqibatlarini bartaraf etish uchun qancha sarflanishi aytildi
Olam
−
22 Sentabr 2023
2956Marokash hukumati mamlakatdagi vayronkor zilzila oqibatlarini bartaraf etish uchun 11 milliard dollardan ko‘proq mablag‘ sarflaydi. Bu haqda “Al Jazeera” xabar berdi.
Ayni paytda Marokashdagi zilzila oqibatida vayron bo‘lgan infratuzilmani tiklash dasturi uchun 120 milliard dirham (taxminan 11,69 milliard dollar) kerak.
Marokash Podshohi Muhammad VI hukumat va armiya rasmiylari bilan uchrashuvida ma’lum qilishicha, reja eng ko‘p zarar ko‘rgan Al-Xauz, Chichaua, Tarudant, Marrakesh, Uarzazat va Azizlal viloyatlaridagi 4,2 million kishiga yordam berishni o‘z ichiga oladi.
Shuningdek, zilziladan jabr ko‘rgan hududlarda ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanish uchun uy-joylar quriladi va infratuzilma yangilanishi mo‘ljallangan.
Qirollik dastur hukumat byudjeti, xalqaro yordam va zilzila oqibatlarini bartaraf etish uchun tashkil etilgan maxsus fond hisobidan moliyalashtirilishini aytgan.
Hozirgacha jamg‘armaga 700 mln dollarga yaqin xayriya pullari kelib tushgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 9 sentyabrga o‘tar kechasi Marokashda 6,8 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi. Zilzila epimarkazi mamlakatning to‘rtinchi yirik shahri bo‘lgan Marrakeshdan 75 km (44 milya) uzoqlikda joylashgan Atlas tog‘larida bo‘lgan. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Marokash Podshohi Muhammad VI ga mamlakat hududida yuz bergan tabiiy ofat oqibatida odamlar halok bo‘lgani yuzasidan ta’ziya bildirgan. Marokashdagi zilzila qurbonlari 2862 kishiga yetgani xabar berilgandi.
Akobir Sayidov
LiveBarchasi