Markaziy Osiyoning eng qimmat futbolchisi kim?

Sport

image

Olmaotaning “Qayrat” va Qozog‘iston yoshlar terma jamoasining 16 yoshli hujumchisi Doston Satpayev Markaziy Osiyoda transfer qiymati yuqoriligi bo‘yicha yangi yetakchiga aylandi. Bu haqda “Transfermarkt”ning so‘nggi ma’lumotlarida keltirilgan.

Qayd etilishicha, uning narxi 500 mingdan 1,8 million yevrogacha ko‘tarilgan.

Bu nafaqat Qozog‘iston, balki Tojikiston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Turkmanistonni o‘z ichiga olgan butun Markaziy Osiyo futbol mintaqasi uchun rekorddir.

Yosh forvard reytingning avvalgi yetakchilari – Tojikiston terma jamoasi darvozaboni Rustam Yatimov (“Rostov”) va o‘zbekistonlik Abduvohid Ne’matov (“Nasaf”)ni ortda qoldirdi, ularning narxi 1,5 million yevro.

Ularning yonida “Nasaf”ning yana bir vakili – yarim himoyachi Akmal Mozgovoy ham bor, uning narxi ham yaqinda 1,5 million yevroga oshgan. Qayd etilishicha, ushbu futbolchilarning OFK kubogi va O‘zbekiston terma jamoasidagi barqaror o‘yinlari hisobga olinsa, ularning qiymati yanada oshishi mumkin.

Tojikiston chempionatida narxi 500 ming yevrogacha arzonlashganiga qaramay, eng qimmat futbolchi Dushanbening “Istiqlol” klubidan Alisher Jalilov bo‘lib qolmoqda. U mamlakat chempioni va terma jamoaning asosiy figurasi bo‘lib qolmoqda.

Qirg‘izistonda eng qimmat futbolchi “Abdish-Ata” himoyachisi Xristiyan Brauzman bo‘lib, uning narxi 450 ming yevroga baholangan. U 400 mingdan yuqori reyting bilan “Transfermarkt” ro‘yxatiga kiritilgan Qirg‘iziston chempionatining yagona vakili.

Turkmanistonda birinchi o‘rinni har biri 200 ming yevroga baholangan uchta futbolchi bo‘lishib turibdi: Salim Nurmurodov (“Oltin Asir”), shuningdek, chempion “Ardag”dan Mekan Saparov va Oltimurod Annadurdiyev.

E’tiborlisi, “Tobol”da to‘p surayotgan qozog‘istonlik hujumchi Islom Chesnokovning ham narxi – 900 ming yevrodan 1 million yevroga ko‘tarilgan. Ammo mahalliy muxlislarning fikricha, bu uning o‘yin saviyasi uchun hali yetarli emas.

Shu tariqa, Doston Satpayev nafaqat Markaziy Osiyoning eng qimmat futbolchilari reytingida birinchi o‘rinni egalladi – u mintaqada futbol darajasi oshib borayotganining ramzi va 16 yoshli iqtidor yulduzlardan o‘zib ketishining yorqin namunasiga aylandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Olmaotaning “Qayrat” va Londonning “Chelsi” klublari 16 yoshli hujumchi Doston Satpayevning transferi borasida kelishuvga erishgandi. 2026 yilning yozida, balog‘at yoshiga etganidan so‘ng, u rasman ingliz klubiga o‘tadi. Ungacha Satpayev “Qayrat” safida o‘ynashda davom etadi.


Maqola muallifi

Teglar

futbol Markaziy Osiyo Doston Satpaev transfer narxlari Rustam Yatimov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing