Markaziy Osiyoda jarohatlar oqibatidagi har uchinchi o‘lim alkogol bilan bog‘liq – JSST

Bu qiziq

image

Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlarida jarohatlar va zo‘ravonlik oqibatidagi har uchinchi o‘lim alkogol iste’moli bilan bog‘liq. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining (JSST) yangi hisobotida so‘z boradi.

Eng ko‘p uchraydigan holatlar – o‘ziga shikast yetkazish, yo‘l-transport hodisalari va yiqilishlar. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, boshqa hech bir psixoaktiv modda tasodifiy hamda qasddan yetkaziladigan zararlar bo‘yicha alkogol darajasidagi keng ko‘lamli talafotga sabab bo‘lmaydi.

JSSTning alkogol masalalari bo‘yicha mintaqaviy maslahatchisi Karina Ferreyra-Borjesning qayd etishicha, alkogol nafaqat yetti turdagi saratonni o‘z ichiga olgan jiddiy yuqumli bo‘lmagan kasalliklarni keltirib chiqaradi, balki insonning xulq-atvorini nazorat qilish qobiliyatini keskin pasaytiradi, muvofiqlashtirish va reaksiya tezligini yomonlashtiradi hamda xavfli xatti-harakatlarga moyillikni oshiradi. Shu sababli u ko‘pincha oldini olish mumkin bo‘lgan jarohatlar va o‘limlarga olib keladi.

Qayd etilishicha, alkogol tajovuz va zo‘ravonlikni qo‘zg‘atuvchi eng barqaror omillardan biri bo‘lib qolmoqda. U faqat ichuvchi shaxsning o‘ziga emas, balki atrofdagilarga – ayniqsa ayollar va bolalarga ham zarar yetkazadi.

Shu bilan birga, rasmiy statistika muammoning haqiqiy ko‘lamining faqat kichik bir qismini aks ettiradi, chunki ko‘plab holatlar qo‘rquv tufayli qayd etilmay qolmoqda.

JSSTni alkogolning o‘smirlar va yoshlar orasidagi ta’siri tashvishga solmoqda. Ushbu yosh guruhida u, avvalo, jarohatlar tufayli nogironlik va muddatidan oldin o‘limning yetakchi omili hisoblanadi.

JSST mintaqa mamlakatlarini faol va maqsadli choralar ko‘rishga chaqirmoqda. Eng samarali choralar qatorida alkogolga narx va soliqlarni oshirish, uni sotish vaqti hamda joylarini cheklash, spirtli ichimliklar marketingini qat’iy tartibga solish, mast holda transport boshqarishga qarshi nazoratni kuchaytirish, shuningdek tibbiyot muassasalarida alkogolni zararli iste’mol qilishni erta aniqlash tizimlarini joriy etish keltiriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq spirtli ichimliklarni istalgan miqdorda iste’mol qilish demensiya (aqliy zaiflik) xavfini oshirishi haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

alkogol' JSST o'lim

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing