Markaziy Osiyoda go‘daklar o‘limi: O‘zbekistonda vaziyat qanday?
Jamiyat
−
04 mart 2025 5246 2 daqiqa
2024 yilda Markaziy Osiyoda O‘zbekiston chaqaloqlar o‘limi ko‘rsatkichi bo‘yicha Qozog‘istondan keyin ikkinchi o‘rinni qayd etdi. Bu haqda CIA World Factbook ma’lumotlariga tayanib, “Ranking” xabar berdi.
Qayd etilishicha, 2024 yilda dunyoda chaqaloqlar o‘limi darajasi har 100 ta tirik tug‘ilgan chaqaloqqa 28,3 ni tashkil etgan. Eng past ko‘rsatkichlar Singapur va Sloveniyada qayd etilgan. Ushbu ikki mamlakatda har 1000 tug‘ilishga 1,5 chaqaloq vafot etgan. Ulardan keyin Islandiya (1,6), Monako (1,7) va Norvegiya (1,8) bormoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Markaziy Osiyo davlatlari orasida O‘zbekiston chaqaloqlar o‘limi ko‘rsatkichi bo‘yicha Qozog‘istondan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. O‘zbekistonda har 1000 ta tirik tug‘ilgan chaqaloqdan 18,2 tasi vafot etadi.
“Biroq Tojikiston (21,7), Qirg‘iziston (24,5) va Turkmanistonda (35,9) ko‘rsatkichlar O‘zbekistonga qaraganda yomonroq”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, go‘daklar o‘limining eng yomon ko‘rsatkichi Afg‘onistonda qayd etilgan. Bu yerda har 1000 tug‘ilgan chaqaloqqa vafot etishlar soni 101,3 tani tashkil etadi. Afg‘onistondan tashqari, anti-yetakchilar qatoriga Afrika davlatlari ham kirgan. Somali (1000 ta tug‘ilgan chaqaloqqa 83,6), Markaziy Afrika Respublikasi (80,5), Ekvatorial Gvineya (77,4) va boshqalarda ham ushbu ko‘rsatkich juda yomondir.
“Our World in Data” tadqiqot loyihasiga ko‘ra, 2022 yil oxiriga kelib 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limining eng yomon ko‘rsatkichlari Afrika mamlakatlarida qayd etilgan. Bundan tashqari, 2000 yildan 2022 yilgacha bo‘lgan davrda Afrika mamlakatlarida ham bolalar o‘limi bilan bog‘liq vaziyat sezilarli darajada yaxshilangan.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yili dunyoda 63,1 mln kishi, O‘zbekistonda esa 219,4 ming kishi kishi vafot etishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi