Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining sammitiga kelgan Ilhom Aliyev tilga tushdi 

Olam

image

Bugun, 14 sentyabr kuni Tojikiston poytaxti Dushanbeda bo‘lib o‘tayotgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining V maslahat uchrashuvida faxriy mehmon sifatida Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev ham qatnashmoqda. Bu haqda Ozarbayjon rahbarining matbuot xizmati xabar berdi

Ozarbayjon yetakchisi tojikistonlik mavqedoshi Imomali Rahmonning taklifiga binoan sammitda ishtirok etish uchun Dushanbega kelgan. Dushanbe xalqaro aeroportida davlat rahbari sharafiga faxriy qorovul saf tortgan. Ozarbayjon Prezidentini Tojikiston Bosh vaziri Kohir Rasulzoda va boshqa rasmiylar kutib olgan.

Ilhom Aliyev Imomali Rahmon bilan muzokara o‘tkazdi. Prezidentlar ikki tomonlama hamkorlikning bir qator masalalarini muhokama qildi. Shu bilan birga, Imomali Rahmon Ozarbayjon rahbarining Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining uchrashuvida ishtirok etishi davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirishiga ishonch bildirdi.

O‘z navbatida, Ilhom Aliyev tojikistonlik mavqedoshini yana Ozarbayjonga davlat tashrifi bilan kelishga taklif qilgan.

Aytish joizki, Aliyevning Dushanbega kutilmagan tashrifini  ekspertlar Ozarbayjonning Armaniston bilan mojaroda ittifoqchilardan yordam so‘rashi ehtimoli bilan bog‘lamoqda. Masalan, rossiyalik siyosatshunos Arkadiy Dubnov shunday fikrda.  Uning yozishicha, Dushanbe Aliyevga Baku Yerevan bilan tinchlik bitimi tuzishga tayyor bo‘lgan shartlarini, shuningdek, bugungi kunning eng dolzarb muammosi – Qorabog‘ aholi uchun gumanitar falokatning oldini olish bo‘yicha o‘z shartlarini bayon qilish uchun platforma bo‘ladi.

Tojikistonlik siyosatshunos Parviz Mullajonov ham Aliyevning to‘satdan Dushanbega tashrif buyurishiga asosiy sabab sifatida Armaniston bilan so‘nggi mojarolarni tilga olgan. 

"Bu yerda, vaziyat urushga aylanib ketish ehtimoli katta bo‘lgan Armaniston bilan ziddiyatga bog‘liq. Balki u KXSHT a’zolaridan diplomatik yordam kutayotgandir. Armaniston KXSHT a’zosi va agar katta urush bo‘ladigan bo‘lsa, bu tashkilot qandaydir reaksiya ko‘rsatishi kerak ", deydi Mullajonov.

Markaziy Osiyo bo‘yicha amerikalik ekspert Bryus Pannirning fikricha, Aliyev bu yerda Xitoydan Markaziy Osiyo, Kaspiy dengizi va Ozarbayjon orqali Turkiya va Yevropaga o‘tadigan transport koridori loyihalarini ilgari surishi mumkin. 

“Ozarbayjon hozirda Rossiya orqali o‘tadigan yo‘nalishlar “murakkab” bo‘lgan bir paytda bu yo‘laklarni ochishga faol intilmoqda. Ishonchim komilki, u shuning uchun ham hozir Tojikistonda”, deydi ekspert.


Maqola muallifi

Teglar

Tojikiston Ozarbayjon Ilhom Aliev Dushanbe

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing