Maktab formasi bekor qilinishi mumkin. Qirg‘izistonda!
Olam
−
25 fevral 2860 2 daqiqa
Qirg‘izistonlik deputat Doston Bekeshev amaldagi maktab formasini tanqid qilib, uni qulayroq, zamonaviyroq kiyimlarga o‘zgartirishni taklif qildi. Bu haqda u bugun 25 fevral kuni Jogorku Kenesh yig‘ilishida aytib o‘tdi.
Bekeshevning aytishicha, dress-kod tushunchasini tarixiy kontekst nuqtai nazaridan qayta ko‘rib chiqish zarur.
“O‘rta asrlarda kiyim turini cherkov belgilagan. Angliyada ta’lim rivojlanishi bilan kambag‘allar uchun maktab formasi joriy etilgan, so‘ngra elit ta’lim muassasalari o‘z uslubini yaratishni boshlagan. Shu tariqa, bu hodisa butun dunyoga tarqalgan. Ammo barcha mamlakatlarda bizdagidek qat’iy kostyum kiyish majburiy emas. Agar siz kostyum kiymasangiz, galstuk taqmasangiz, o‘qituvchi tanbeh beradi. O‘sh, Issiqko‘l va Botkenda o‘quvchilardan kelgan ko‘plab murojaatlar formaning ba’zan noqulay ekanini ko‘rsatmoqda”, degan u.
Deputat, shuningdek, maktab formasiga bo‘lgan bunday talablar sovet davrining merosi ekanligini qo‘shimcha qilgan.
“Xitoyda o‘quvchilar sport kiyimida yurishlari mumkin va tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, bu sog‘liq uchun foydali. Men hamma sport kiyimga o‘tishi kerak deb aytayotganim yo‘q, ammo kamida “smart casual” (rasmiy va kundalik uslubning uyg‘unligi) uslubi maqbul bo‘ladi. Nega o‘g‘il bolalar futbolka va jinsi shim kiyib kelolmaydi, qizlar esa doimo yubka kiyishi shart?” deb noroziligini bildirgan deputat.
U hukumatni talablarni yumshatishga va maktablarga o‘z formalarini tanlash imkonini beruvchi qoidalarni ishlab chiqishga chaqirgan.
“Men deputatlardan boshlashni taklif qilardim. Xalqaro protokollar rasmiy dress-kodni talab qilishi mumkinligini tushunaman, ammo hamma parlamentlarda kostyum va galstuk kiyilmaydi. Bu ko‘pincha noqulay bo‘ladi. Eski talablarni qayta ko‘rib chiqish zarur. Nega nazoratchi kelganlarning kiyimini, kim kiygan, kim kiymaganini tekshirishi kerak? Bu normalarni qayta ko‘rib chiqish lozim!” deya nutqini yakunlagan Bekeshev.
Live
Barchasi