Makron Grenlandiyaga harbiy yordam taklif qildi
Olam
−
16 iyun 4278 2 daqiqa
Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron AQSH rahbari Donald Trampning Grenlandiyani anneksiya qilish haqidagi niyatini jinnilik deb atadi va orol xavfsizligini mustahkamlash uchun Fransiya Daniya bilan harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazishga tayyorligini bildirdi. Bu haqda u kecha, 15 iyun kuni Daniyaga qarashli Grenlandiyaning poytaxti Nuuk shahriga qilgan tashrifi chog‘ida ma’lum qildi.
Makronning aytishicha, Yevropa Ittifoqi Grenlandiyani “na sotish, na olish mumkin” bo‘lgan hudud deb hisoblaydi, biroq hozir orol “tajovuzkor da’volar” ostida qolmoqda.
“Grenlandiyadagi vaziyat – bu barcha yevropaliklar uchun ochiq xavf signali”, dedi u.
Makronning ushbu tashrifi Trampning Grenlandiyani Qo‘shma Shtatlarga qo‘shish haqidagi bayonotidan keyin Yevropa Ittifoqi mamlakati yetakchisi tomonidan orolga qilingan ilk tashrifdir. Fransiya Prezidenti Nuukka Grenlandiya hukumati rahbari Yens-Frederik Nilsendan taklif olganidan so‘ng borgan.
Ma’lumot uchun, Grenlandiya 1953 yilgacha Daniya mustamlakasi bo‘lgan. 2009 yilda esa unga keng avtonomiya va o‘zini o‘zi boshqarish huquqi berilgan. Tramp Grenlandiyani sotib olish niyatini ilk bor o‘zining birinchi prezidentlik muddati davomida bildirgan – 2019 yilda u orolni 600 million dollarga baholagan. AQSH rahbari joriy yil yanvar oyida Oq uyga qaytgach, Daniyaga Grenlandiyani topshirish talabini qo‘ygan va bu orol AQSH milliy xavfsizligi hamda “erkin dunyoni” Xitoy va Rossiyadan himoya qilishda muhim deb ta’kidlagan.
Joriy yilning may oyida Tramp AQSH Grenlandiyani egallab olish uchun kuch ishlatishi mumkinligini ham istisno qilmagan. Biroq u anneksiyadan so‘ng orol aholisiga “mehr bilan” munosabatda bo‘lishini va’da qilgan. Ayni paytda Grenlandiyada AQSHning Pituffik harbiy bazasi mavjud bo‘lib, u yerda 200 nafar amerikalik harbiy xizmat qiladi va F-35 qiruvchi samolyotlari joylashtirilgan. Ushbu baza ballistik raketalarni uzoq masofadan aniqlash tizimining muhim elementi hisoblanadi, shuningdek, Yevropa va Shimoliy Amerika o‘rtasidagi eng qisqa havo yo‘li shu yerdan o‘tadi.
“Bloomberg” manbalarining yozishicha, Tramp Grenlandiyaga bo‘lgan qiziqishini u yerdagi boy tabiiiy resurslar bilan ham izohlagan: orolda oltin, olmos, uran va elektronika hamda harbiy texnika ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan nodir yer metallari konlari mavjud.
Live
Barchasi