Prezident Nobel g‘olibini “iblis”, jodugar” deb atadi
Olam
−
14 Oktabr 18108 3 daqiqa
Muxolifat yetakchisiga Tinchlik uchun Nobel mukofoti topshirilishi ortidan Venesuela hukumati Norvegiyadagi elchixonasi yopilganini e’lon qildi. Prezident Nikolas Maduro Mariya Korina Machadoni “iblis”, jodugar” deb atadi. Bu haqda mahalliy “El Universal” nashri xabar berdi.
Venesuela rahbari, shuningdek, Tinchlik mukofoti sovrindorini “aholining 90 foizi yoqtirmasligi”ni aytdi.
Hukumat “resurslarni strategik qayta taqsimlash” doirasida Norvegiya va Avstraliyadagi elchixonalarini yopishini va buning o‘rniga Burkina-Faso va Zimbabveda diplomatik vakolatxonalarni ochishini e’lon qildi. Burkina-Faso va Zimbabve Venesuelani Qo‘shma Shtatlar bilan keskinlashib borayotgan mojaroda qo‘llab-quvvatlaydi.
Norvegiya Tashqi ishlar vazirligi Nobel qo‘mitasi hukumatdan mustaqil ekanini ta’kidladi. Qo‘mita kotibi Kristian Berg Xarpvikenning “Reuters” agentligiga aytishicha, elchixonaning yopilishi qo‘mitaning muammosi emas.
“Qo‘mitaning vazifasi munosib Nobel Tinchlik mukofoti laureatini tanlash edi. Mariya Korina Machado esa, albatta, munosib g‘olib!” deya qo‘shimcha qildi u.
Machado diktaturadan demokratiyaga adolatli va tinch yo‘l bilan o‘tish uchun kurashda muhim hissa qo‘shgan.
Bundan oldin AQSH Prezidenti Donald Tramp bir necha bor o‘zini mukofotga loyiq deb hisoblashini, “yetti urushni tugatganini” va uning mukofotlanmasligi “AQSH uchun haqorat” bo‘lishini ta’kidlagan. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham joriy yil 23 sentyabrda BMT qarorgohida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Donald Trampning Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga munosib ekanini aytgandi.
Joriy yili mukofot uchun jami 338 nomzod ko‘rsatilgan – shulardan 244 nafari jismoniy shaxslar va 94 ta tashkilot. O‘tgan yili 286 nomzod, 2016 yilda esa eng yuqori ko‘rsatkich – 376 ta nomzod qayd etilgan.
So‘nggi yillardagi laureatlar
- 2024 yil – Nihon Hidankyo (Xirosima va Nagasaki atom bombardimoni jabrdiydalari tashkiloti), yadroviy qurollarga qarshi kurashuvchi yapon uyushmasi.
- 2023 yil – Eronlik inson huquqlari himoyachisi Narges Moxammadi, Eronda ayollar ezilishiga qarshi kurashi uchun.
- 2022 yil – Rossiya, Belarus va Ukraina huquq himoyachilari:
- Rossiya: “Memorial” jamiyati
- Ukraina: Fuqarolik erkinliklari markazi
- Belarus: “Vesna” markazi asoschisi Ales Belyatskiy
- 2021 yilda Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti “Novaya gazeta” bosh muharriri Dmitriy Muratov va filippinlik jurnalist Mariya Ressaga berilgan. Ular dunyoda so‘z erkinligi va matbuotni himoya qiluvchi jurnalistlar timsoli sifatida taqdirlangan.
Muratov – bu mukofotni olgan uchinchi rossiyalik. Undan avval fizik va huquq himoyachisi Andrey Saxarov hamda SSSRning yagona prezidenti Mixail Gorbachyov Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan.
Nobel mukofotlari 1901 yildan beri beriladi. Ularni dinamit ixtirochisi Alfred Nobel vasiyati asosida ta’sis etgan. Mukofot quyidagi yo‘nalishlarda beriladi:
- Tibbiyot (fiziologiya)
- Fizika
- Kimyo
- Adabiyot
- Tinchlik
1969 yildan boshlab Shvetsiya banki tashabbusi bilan iqtisodiyot bo‘yicha mukofot ham berila boshlangan.
Tinchlik mukofoti Norvegiya poytaxti Osloda topshiriladi, boshqa mukofotlar esa Shvetsiyaning Stokgolm shahrida.
Live
Barchasi