Madaniyat vazirligi portal uchun nega yarim milliard so‘m ajratilganini aytdi
Madaniyat-san’at
−
07 Oktabr 2023
8864Madaniyat vazirligi davlat mukofotlari bilan taqdirlangan madaniyat va san’at sohasi vakillari haqida ma’lumot jamlanadigan portalni ishlab chiqish xarajatlari bilan bog‘liq ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan e’tirozlarga o‘z munosabatini bildirdi. Bu haqda Madaniyat vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Gap shundaki, Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovning joriy yil 15 sentyabrdagi buyrug‘i asosida madaniyat va san’at sohasi vakillari haqidagi ma’lumotlar joylanadigan yangi portal uchun qariyb yarim milliard so‘m ajratilishi belgilangan. Ammo ajratilgan mablag‘ning miqdori aholi orasida ko‘plab noroziliklarga sabab bo‘ldi.
Madaniyat vazirligi ushbu portalga ehtiyoj borligiga sabab sifatida san’atkorlarning ijodiy faoliyati to‘g‘risida aholiga ishonchli ma’lumotlarni yetkazib beradigan yagona ochiq axborot tizimining mavjud emasligi va to‘y marosimlariga aytishni xohlagan aholiga ular bilan bog‘lanishda qiyinchiliklar borligi keltirilgan.
“Aholimizning to‘y, marosim va boshqa tadbirlarga o‘zlari ma’qul ko‘rgan san’atkor, ijodkor yoki ijodiy jamoalarni taklif qilish istagi bo‘lsada, ular bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri kontakt o‘rnatish, bog‘lanish yoki reja qilingan kuni ularning vaqti, imkoniyatini bilish qiyinchilik tug‘dirib keladi. Ya’ni, san’atkor va muxlis o‘rtasida integratsion maydon mavjud emas”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, ushbu portalda faqatgina 10 nafar san’at va madaniyat vakilining emas, ushbu sohaga kiruvchi kasblarda faoliyat yurituvchi ko‘plab san’atkorlarning ma’lumotlari kiritilishi belgilangan. Jumladan, portal xonanda-sozanda, aktyor-aktrisa, rejissyor, shoir-yozuvchi, so‘z ustalari, raqs san’ati, tasviriy va amaliy san’at vakillari, askiyachilar, baxshi, jirov, oqinlar, sirk artistlari, folklor jamoalari, ashula va raqs ansambllari, estrada guruhlari, orkestr va xor jamoalari, teatr jamoalari to‘g‘risidagi aniq va ishonchli ma’lumotlar bilan to‘ldirilishi bildirilgan.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, ushbu portal orqali san’atkorning litsenziyasi bor yoki yo‘qligi haqida ham bilish mumkin.
Portalning yana bir ahamiyatli jihati sifatida jamoatchilik tomonidan san’atkorlarni baholash tizimining joriy etilishi va ularni taqdirlash jarayonida ushbu baholar ham inobatga olinishi keltirilgan.
Vazirlik ushbu funksiyalarni ishlab chiqish murakkab jarayon ekanini hisobga olgan holda 488 million so‘m miqdoridagi mablag‘ ajratilishi belgilanganini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, vazirning 15 sentyabrdagi buyrug‘iga ko‘ra, portalni ishlab chiqish uchun mablag‘lar Madaniyat vazirligiga 2023-yil uchun ajratilgan byudjet mablag‘lari hisobidan qoplanishi qayd etilgan. Ushbu summalarning maqsadli sarflanishini nazorat qilish esa Ichki audit va moliyaviy nazorat bo‘limiga topshirilgan.
LiveBarchasi